Prokuror yoshlar bilan uсhrashdi
Ochiq-oshkora, muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda yoshlar erishayotgan yutuqlari, oʻzlarini qiynayotgan turli muammo va masalalar yuzasidan erkin fikr bildirdi.
Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanidagi “Bunyodkor Zamin” trikotaj korxonasida tumandagi 200 nafardan ziyod ishsiz hamda faol yoshlar ishtirokida “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Andijon viloyati prokurori Gʻayrat Fozilov, tuman hokimi Otabek Rasulov ishtirokidagi uchrashuvda yoshlarning taklif, tashabbus va muammolari oʻrganilib, ularni hal etish boʻyicha zarur choralar koʻrildi.
Uchrashuvda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yanada yuqori bosqichga koʻtarilganligi, yoshlarning oʻz iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, yoshlar har jihatdan qoʻllab-quvvatlanayotganligi taʼkidlandi.
Ochiq-oshkora, muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda yoshlar erishayotgan yutuqlari, oʻzlarini qiynayotgan turli muammo va masalalar yuzasidan erkin fikr bildirdi.
Shu kuni uchrashuvda qatnashgan yoshlarning 22 nafari “Bunyodkor zamin” trikotaj korxonasiga ishga qabul qilindi. Bundan tashqari, yana 9 nafar yoshlar tumandagi boshqa korxona va muassasalarga ishga joylashadigan boʻldi.

–Men bir necha yildan buyon oʻz mutaxassisligim boʻyicha ishga kira olmay sarson boʻldim, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Sherzod Roʻziyev. – Uchrashuvda viloyat prokuroriga ishga joylashish masalasida yordam berishini soʻradim. Shu kuniyoq uning koʻmagi bilan tumanimizdagi “Nil Granit” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga haydovchi boʻlib ishga kirdim.
Uchrashuv davomida yosh tadbirkor N. Xolmirzayev rahbarlik qilayotgan “Munisa Gold Teks” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga “Yoshlar kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida AT “Xalq banki” tuman filiali tomonidan 150 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratiladigan, ushbu korxonada ishlab chiqarish xajmini oshirish hisobiga 5 ta yangi ish oʻrni yaratiladigan boʻldi.
Yoshlar viloyat prokurori hamrohligida “Bunyodkor Zamin” trikotaj korxonasi faoliyati, korxonadagi ish jarayonlari bilan tanishdi, ishchilar bilan suhbatda boʻldi.
Uchrashuvda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida faol ishtirok etayotgan, bir guruh tashabbuskor yoshlar viloyat prokurorining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Yakunda yoshlarga Chingiz Aytmatov, Abdulla Qodiriy, Oʻtkir Xoshimov singari atoqli oʻzbek adiblarining “Oʻtgan kunlar”, “Nur borki soya bor”, “Temur tuzuklari”, “Yuzma-yuz” kabi va jahon adabiyotiga mansub 100 dan ortiq badiiy kitoblar tarqatildi.