“Profilaktika haftaligi” nega kerak?
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani "Nursux" mahalla fuqarolar yig‘inida aholi o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash maqsadida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi”ga start berildi.
Shu munosabat bilan mahallada bo‘lib o‘tgan tadbirda haftalikni samarali tashkil etishning aniq chora-tadbirlari belgilab olindi.
Unda tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev, tuman prokurori, IIB, favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tashkilot va muassasalar vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi.

– Xo‘sh, ijtimoiy “Profilaktika haftaligi” nega kerak? – dedi tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev. – Bu kabi amaliy-uslubiy tadbirlar mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.


Haftalik doirasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash hamda fuqarolarning daxldorlik hissini oshirishga qaratilgan targ‘ibot va profilaktik tadbirlar tashkil etilishi belgilandi.
Mahalla faollari, profilaktika inspektorlari hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida xonadonlarga tashriflar amalga oshirilib, fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilishi, ularni qiynayotgan ijtimoiy muammolar o‘rganilishi qayd etildi. Shuningdek, aholining keng qatlamini jalb etgan holda sayyor qabul va tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladi, yoshlar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.
“Ijtimoiy profilaktika haftaligi” Farg‘ona viloyatining barcha tumanlarida ham tashkil etildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA