Professional boks: Madiyorda g‘alaba, Shahobiddinda esa mag‘lubiyat
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tgan IBA.PRO 13 professional boks turnirida ikki nafar mahoratli bokschimiz ringga ko‘tarildi.
Havaskor boksda jahon va qit’a chempionati sovrindorligiga erishgan hamyurtimiz Madiyor Saidrahimov rossiyalik David Dzukayev bilan 8 raundlik jangda to‘qnash kelgan bo‘lsa, Rio Olimpiadasi g‘olibi, jahon va qit’a chempionatlari oltin medal sohibi Shahobiddin Zoirov IBA.PRO kamari uchun venesuelalik Yoel Finol bilan 10 raundlik jang o‘tkazdi.

Og‘ir vaznli bokschimiz Madiyor Saidrahimov rossiyalik David Dzukayevni 8 raundlik jangda ochkolar evaziga mag‘lub etgani e’tiborli bo‘ldi.

Ammo Shahobiddin Zoirov - Yoel Finol “dueli”da hamyurtimizga omad kulib boqmadi. Bundan 9 yil muqaddam Rio Olimpiadasi 1/2 finalida aynan Zoirovdan mag‘lubiyatga uchragan Finol Dubay ringida teng kurashlar ostidagi bahsda ochkolar hisobiga IBA.PRO kamari sohibiga aylandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA