Qit’a chempionatining bugungi janglarida bokschilarimiz g‘alabaga erishdi
Bugun, 2-aprel kuni Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda Asian Boxing tashkiloti tomonidan 21 ta davlatning eng mahoratli bokschilari ishtirokida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining to‘rtinchi kungi janglarida O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar a’zosi ringga ko‘tarildi.
Murosasiz janglar natijasida vatanimiz sharafini himoya qilgan Abdulloh Madaminov -65 kilogrammda singapurlik Kayelan Klarkni, -80 kiloda Fazliddin Erkinboyev qirg‘izistonlik Sag‘in Satibaldi Uuluni, +90 kilo og‘irlikda Arman Maxanov mo‘g‘ulistonlik Beknur Xalini mag‘lubiyatga uchratdi va chorak finalga yo‘l oldi.

Ertaga qit’a chempionatining chorak final janglariga start beriladi.
Unda yurtimiz bokschilaridan Gulsevar G‘aniyeva -51 kilogrammda xitoylik Yu Vuga, -60 kiloda Mushtariybonu Ibrohimjonova mo‘g‘ulistonlik Namuun Monxorga, -55 kilogrammda Shahzod Muzaffarov qozog‘istonlik Mahmud Sabirxanga qarshi bahs olib boradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA