“PROFATOMFEST-2026”: bilim, liderlik va xavfsizlik
Shu kunlarda Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi "Arman Dala" dam olish oromgohida "Yoshlar - o‘zgarishlar energiyasi: raqamlashtirish, liderlik va xavfsiz mehnat" shiori ostida "PROFATOMFEST-2026" yoshlar forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqaro tadbirda O‘zbekistondan energetika sohasi va kasaba uyushmalari faollari, jumladan, "Issiqlik elektr stansiyalari" AJning Farg‘ona IEM va Muborak IEM filiallari yoshlari ham ishtirok etyapti.
Forum doirasida raqamlashtirish, liderlik, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish xavfsizligi masalalari muhokama qilinmoqda. Ishtirokchilar uchun seminarlar, ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va sport tadbirlari tashkil etilyapti.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir yosh mutaxassislarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tajriba almashish hamda kasaba uyushmalari faoliyatida yoshlarning ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Forum ertaga, 26-sentabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA