“O‘zsuvta’minot”AJ: aholi murojaatlari 23 foizga kamaydi
Aholining ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish, murojaatlarga tezkor javob berish hamda joylarda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimida ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, aholi murojaatlari dinamikasi, ularda ko‘tarilayotgan asosiy masalalar va muammolarni joyida hal etish choralari yuzasidan “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda jamiyat boshqaruvi raisining tegishli buyrug‘i ijrosi doirasida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi takomillashtirilmoqda.
Joylarda ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mahallalarda o‘rganishlar va sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va hokim yordamchilari bilan hamkorlikda aholini qiynayotgan masalalar aniqlanib, ularni joyida hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida jamiyat tizimiga kelib tushayotgan murojaatlar soni ham kamaygan. Xususan, 2025-yil sentabr holatiga 16 ming 981 ta murojaat qayd etilgan bo‘lsa, 2026-yil sentabr holatiga bu ko‘rsatkich 13 ming 150 tani tashkil etdi. Natijada murojaatlar soni 23 foizga kamaygan.
Prezident Xalq qabulxonalari orqali kelib tushayotgan murojaatlar dinamikasida ham o‘zgarish kuzatilmoqda. 2025-yilda 15 ming 642 ta murojaat qayd etilgan bo‘lsa, 2026-yil sentabr holatiga ularning soni 12 ming 133 tani tashkil etgan.
Murojaatlarning asosiy qismi ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri keladi. Tarmoqlardagi avariyalar, suv uzilishi, bosimning pastligi va suv yetkazib berish jadvallari yuzasidan murojaatlar 5 ming 336 tadan 1 ming 199 taga kamaygan.
Aholi murojaatlarini tezkor qabul qilish maqsadida 12-55 qisqa raqamli “Koll-markaz” xizmati tashkil etilgan. Murojaatlar ushbu raqam orqali 24 soat, haftaning 7 kuni qabul qilinadi. 2026-yil sentabr holatiga mazkur raqam orqali 12 ming 551 ta murojaat kelib tushgan.
Shuningdek, Telegram chat-kanali orqali har oyda 4 mingdan ortiq murojaat qabul qilinmoqda. Joriy yilning 9 oyi davomida Prezident Xalq qabulxonalari va mahalla vakillari bilan hamkorlikda 3 mingdan ortiq sayyor qabul o‘tkazildi.
Aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni aniqlash va ularga tezkor munosabat bildirish maqsadida ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan 722 ta tanqidiy material ham o‘rganib chiqildi. Ularda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, rasmiy munosabatlar bildirildi.
Murojaatlarni joyida hal etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida hududiy suv ta’minoti korxonalarining maxsus texnika bilan ta’minlanganlik darajasi ham oshirilmoqda. Jumladan, 100 ta suv tashuvchi mashina, 13 ta avariya-tiklash mashinasi, 20 ta g‘ildirakli ekskavator va boshqa maxsus texnikalar xarid qilinib, hududlarga yetkazib berildi.
Shu bilan birga, aholining murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati uchun ishonch telefonlari ishga tushirildi, elektron pochta va Telegram-bot orqali murojaat yo‘llash imkoniyati yaratildi. Avtotransport va maxsus texnikalar harakatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan GPS tizimi joriy etildi. Iste’molchilar uchun shaxsiy kabinet ishga tushirilib, @uzsuvbot takomillashtirildi.
Bugungi kunda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimi 32 million iste’molchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Qarzdor iste’molchilarni xabardor qilish maqsadida joriy yilning 8 oyida 7 milliondan ortiq qisqa xabarnoma yuborildi.
Murojaatlar bilan ishlashda e’tibor nafaqat muammoni bartaraf etish, balki uning kelib chiqish sabablarini aniqlashga ham qaratilmoqda. Shu maqsadda hududlarda xonadonma-xonadon o‘rganishlar o‘tkazilib, aholini qiynayotgan masalalar aniqlanmoqda va ularni hal etish bo‘yicha choralar belgilanmoqda.
Umuman, “O‘zsuvta’minot” tizimida aholi murojaatlari bilan ishlashda asosiy e’tibor muammoni eshitish, uning sabablarini o‘rganish, joyida hal etish va takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etishga qaratilmoqda. Bu borada mahallalardagi o‘rganishlar, sayyor qabullar va aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar izchil davom ettiriladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA