“Prezident olimpiadasi” final bosqichiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi
Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida yo‘lga qo‘yilgan "Prezident olimpiadasi" sport musobaqalari mahoratli sportchilarni tayyorlash, ularni milliy terma jamoalarga yo‘naltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Sport vazirligida “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika final bosqichini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda musobaqalarni o‘tkazish muddatlari, sportchilarni joylashtirish, ularning ovqatlanishi va transportini samarali tashkil etish, shuningdek, bellashuvlarni namunali darajada o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari yuzasidan taqdimot namoyish etildi.

Sport vaziri Adham Ikromov hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov ishtirok etgan yig‘ilish davomida sport inshootlarining tayyorgarligi, musobaqalar jadvali hamda tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Aytish lozimki, bu yilgi “Prezident olimpiadasi” musobaqalari 13-14 yoshli sportchilar o‘rtasida 21 ta olimpiya va 5 ta paralimpiya sport turi bo‘yicha 10-18 yoshli para sportchilar o‘rtasida tashkil etilishi belgilangan.

Yangi O‘zbekistonning professional sportdagi yangi g‘alabalarini ta’minlashga qaratilgan mazkur sport o‘yinlarining birinchi bosqichi joriy yil mart-aprel oylarida respublikamizdagi mavjud 208 ta tuman va shaharlarda o‘tkazildi. Unda 330 mingga yaqin yosh sportchilar ishtirok etdi. Ilk bosqichda sovrinli o‘rinlarni egallagan 30 ming nafardan ziyod olovqalb yoshlar may-iyun oylarida tashkil etilgan 2-bosqichda o‘z mahoratini namoyish etdi.
Muhokamalar jarayonida “Prezident olimpiadasi”ning respublika final bosqichini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga barcha tayyorgarlik ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA