“Prezident hojilari” ziyoratdan qaytishdi
Joriy yildagi mavsumda Haj safariga borgan hamyurtlarimizning ilk guruhi, xususan, ular safida "Prezident hojilari" doirasida 100 nafar ziyoratchi muborak diyorda qutlug‘ amallarni to‘liq ado etib, yurtimizga eson-omon qaytib kelishdi. Ular orasida Namangan viloyatidan olti nafar vatandoshimiz ham hojilik rutbasiga ega bo‘ldi.
E’tirof etish joizki, Yangi O‘zbekistonda diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar natijasida saodatli damlarda 15 mingdan ziyod vatandoshlarimiz Islom olamidagi beshinichi muqaddas arkonni bajardilar. 2026-yil tarixda ilk bor joriy etilgan “Prezident hojilari” dasturiga ko‘ra, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan ulamolar, nuroniylar, mahalla faxriylari va ularning oila a’zolari muborak safarga borishdi.

Nurli va fayzli yuzlarida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan namanganlik hojilarni Pop tumani vokzalida viloyat hokimligi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, imom-domlalar, nuroniylar va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ehtirom ila kutib olishdi. Ziyoratchilar maxsus zamonaviy marshrutda Davlatobod tumanidagi “Muhammad Al-Amin” jome’ masjidiga yaqinlari davrasiga oshiqdilar.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Hotamov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi mas’ul xodimi Abdurashid Boltaboyev, viloyat bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov so‘nggi yillarda yurtimizning qadimiy tarixi va boy madaniy qadriyatlarini, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosini, islom dinining asl mohiyatini o‘rganish va targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Marg‘ilon shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi noyob obidalar buning yorqin dalilidir.
Ona Vatan bag‘riga sog‘-salomat qaytib, yaqinlari bilan diydorlashgan hojilarimizning yuz-ko‘zlarida shukronalik, mamnunlik hissi dillarga yanada xursandchilik ulashdi.

– Suyagimiz dalada qotgan, uzoq yillar davomida qishloq xo‘jaligi tizimida hisobchi-taftishchi sifatida ishladim. Keyinchalik ko‘chaboshi faoli sifatida mahallamda bunyodkorlik, obodonlashtirish, aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarga yaqindan ko‘mak berib kelyapman, – deydi Chortoq tumani Laskidon mahallasida yashovchi Abduvohid G‘ofurov. – Birdamlik ko‘chasi bugungi kunda viloyatimizning eng yaxshi obod hududlaridan biriga aylangan. O‘ttizga yaqin xonadonlar, ko‘chamiz atrofidagi ko‘zni quvnatuvchi archazor va gulzorlar kishida havas uyg‘otadi. Inson qadrini yuksak darajada ulug‘layotgan Yurtboshimizdan behad minnatdorman. Kamtarona mehnatlarimiz e’zozlanib, 59 yoshimda anchadan beri yetolmay yurgan orzuim ushalib, Haj ziyoratini ado etish nasib qildi. Muazzam joylarda har bir qadamda ko‘rsatilgan mehr va g‘amxo‘rlikni his etdik. Dunyoning ko‘pgina davlatlaridan kelgan musulmonlar o‘zbekistonlik ziyoratchilarga yaratilgan shart-sharoitlarga havas qilishdi.
Bu yilgi Haj mavsumi sifat va mazmun jihatdan fayzli, shukuhli va muvaffaqiyatli o‘tdi. Ziyoratchilarimiz Madinai munavvara va Makkai mukarramada Islom olamidagi ulug‘ amallarni risoladagidek ado etdilar. Ayniqsa, ibodatlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish, mehmonxonalar, Mino, Arafot, Muzdalifa vodiylaridagi qulaylik va imkoniyatlar, tibbiy va transport xizmatlari barchani mamnun etdi.
Muborak diyorda Haj arkonlarini ixlos bilan bajargan ziyoratchilar safar davomida mehnatsevar xalqimiz va fidoyi millat yetakchisi haqiga duolar qilib kelishdi. Hojilarimiz ushbu ulug‘ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytib, bundan keyin ham Vatanimiz ravnaqi, elimiz farovonligi va osoyishtaligi yo‘lida munosib hissa qo‘shishlarini ta’kidladi. Darhaqiqat, yuz-ko‘zlari porlagan, peshonalaridan nur balqigan hojilarimiz kelgusida ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari sifatida jamoat ishlarida faol bo‘ladilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA