Poytaxtning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi
Toshkent shahar hokimining farmoyishiga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasida qayd etilgan holatlar yuzasidan poytaxtning 10 ta tuman hokimiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi.
Tekshiruvdan ko‘zlangan asosiy maqsad, agentlik tomonidan aniqlangan ehtimoliy qonunbuzilishlar, xizmat vazifalarini bajarishdagi kamchiliklar hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarga oid vajlarni har tomonlama o‘rganish va ularga huquqiy baho berishdan iborat.
Xizmat tekshiruvi Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlarini qamrab oladi. Farmoyishga ko‘ra, maxsus komissiya tekshiruvni xolis va sifatli o‘tkazib, uning natijalari bo‘yicha tegishli xulosalarni rasmiylashtiradi. Zarur hollarda jarayonga boshqa davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislari ham jalb qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tishimiz kerakki, farmoyishda tekshiruvga asos bo‘lgan aniq qonunbuzilishlar yoki ayblovlar ochiqlanmagan. Xizmat tekshiruvi qayd etilgan holatlarni o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, uning yakuniy xulosalariga ko‘ra tegishli qarorlar qabul qilinishi mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA