Zomin bozorida yangi tartib qaror topmoqda
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olishga qaratilgan keng qamrovli tayyorgarlik ishlari barcha hududlarda izchil davom etmoqda. Prezidentning 2026-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Jizzax viloyatining barcha shahar, tuman, mahalla va qishloqlarni obodonlashtirish, aholi uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, jamoat tartibini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Jizzax viloyatining barcha hududlarida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy natijalari bilan ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlarga qaratilgan tadbirlardan biri Zomin markaziy dehqon bozorida amalga oshirildi. Tuman ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari hamkorligida bozor hududida xavfsizlikni ta’minlash, savdo jarayonlarini qonuniy asosda tashkil etish va hududni tartibga keltirish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliy ishlar bajarildi.

Eng avvalo, bozorning kirish qismida harakatlanishga to‘sqinlik qilib kelgan noqonuniy savdo rastalari bartaraf etildi. Bu orqali xaridorlar va sotuvchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratildi, favqulodda vaziyatlar xizmati texnikalari hamda qutqaruv bo‘linmalarining tezkor harakatlanishiga imkon kengaytirildi.

Shuningdek, avtoturargoh hududida qonun talablariga zid ravishda o‘rnatilgan 51 ta vagon va 81 ta qo‘lbola savdo rastasi olib tashlanib, hudud to‘liq tartibga keltirildi. Bu esa avtoturargohdan maqsadli foydalanish, transport harakatini yengillashtirish va xavfsizlik talablarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Jamoat xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar asosida mustahkamlash ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, bozor avtoturargohi 13 ta zamonaviy videokuzatuv kamerasi bilan jihozlanib, ular “Qalqon” tizimiga integratsiya qilindi. Shu bilan birga, favqulodda holatlarda tezkor yordam chaqirish imkonini beruvchi “SOS” chaqiruv tugmalari o‘rnatildi. Kelgusida yana 40 ta videokuzatuv kamerasini bosqichma-bosqich “Qalqon” tizimiga ulash rejalashtirilgani mazkur tizimning imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Bozorda savdo madaniyatini yuksaltirish va tadbirkorlar uchun qonuniy sharoit yaratishga ham alohida e’tibor berildi. Ilgari tartibsiz tashkil etilgan kiyim-kechak va gilam savdosi yangi kiyim bozoriga ko‘chirildi. Avtoturargohlarda amalga oshirib kelingan tartibsiz savdo faoliyatiga to‘liq barham berilib, tadbirkorlar uchun belgilangan joylarda faoliyat yuritish imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda bozor faqat savdo-sotiq amalga oshiriladigan hudud emas, balki aholi xavfsizligi, sanitariya, transport harakati va xizmat ko‘rsatish sifati uyg‘un ta’minlanadigan ijtimoiy makonga aylanib bormoqda. Shu ma’noda Zomin markaziy dehqon bozorida amalga oshirilgan ishlar Prezident qarorida belgilangan vazifalarning amaldagi ifodasi sifatida aholiga munosib va xavfsiz muhit yaratish, jamoat tartibini mustahkamlash hamda savdo infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri