Polvonlarimizni jiddiy sinov kutmoqda
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida sport kurashlari bo‘yicha U17 jahon chempionati qizg‘in pallaga kirmoqda. Bugun yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining besh nafar vakili gilamga chiqadi.
Shu kuni 45, 51, 60, 71 va 92 kilogramm vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanishi uchun saralash bahslari o‘tkaziladi. Afruzbek Ibragimov (45 kg), Bunyod Hasanov (51 kg), Sadriddin To‘lqinboyev (60 kg), Qodirjon Fozilov (71 kg) hamda Mirjalol Shavkatov (92 kg) vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Shuningdek, kunning kechki dasturida yana bir hamyurtimiz — 80 kilogramm vazn toifasidagi Abdulaziz Xolmirzayev bronza medali uchun hal qiluvchi bellashuvda ishtirok etadi. Ushbu uchrashuv o‘zbekistonlik muxlislar nigohidagi asosiy bahslardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Qayd etish joiz, U17 jahon chempionati 27-iyuldan 2-avgustga qadar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi yosh polvonlarining jahon chempionatidagi ishtiroki mamlakat kurash maktabining yangi avlod iqtidorlarini xalqaro maydonda sinovdan o‘tkazish yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA