Boks federatsiyasi va tibbiyot markazi hamkorlikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston boks federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Mirshohid Tillaboyev, taniqli murabbiy Rahmatjon Ro‘zioxunov, Olimpiya o‘yinlari chempioni va uch karra jahon chempioni Abdumalik Xalakov, shuningdek, ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov ishtirok etdi.
Memorandumga muvofiq, bolalar va o‘smir sportchilar salomatligini muhofaza qilish, profilaktik tibbiy ko‘riklarni muntazam tashkil etish, sport tibbiyoti sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha qator qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifatini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Tashrif doirasida federatsiya vakillari markazda davolanayotgan bolalar bilan uchrashib, ular bilan samimiy muloqot qildi hamda tezroq sog‘ayib ketishlari va kelajakda o‘z orzu-maqsadlariga erishishlari yo‘lida ezgu tilaklar bildirdi.

Uchrashuvning eng esda qolarli lahzalaridan biri ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolov ishtirokidagi ochiq muloqot bo‘ldi. Bolalar mashhur bokschiga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, samimiy javoblar oldi. Mazkur uchrashuv ularga katta ruhiy ko‘tarinkilik va ishonch bag‘ishladi.
Mazkur hamkorlik memorandumi yosh sportchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ularga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda sport va tibbiyot sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA