Pokiston davlat boshqaruvi tarkibini qisqartirmoqda
Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif davlat boshqaruvi tizimini ixchamlashtirishga qaratilgan islohotni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Hukumat rahbari mazkur chora davlat idoralari faoliyati samaradorligini oshirishini ta’kidladi. Shuningdek, mas’ul qo‘mitaga zarur takliflarni bir oy ichida tayyorlash vazifasi yuklatildi. Ushbu masala yuqori darajadagi yig‘ilishda muhokama qilingani haqida hamkorimiz APP agentligi yozgan.
Yig‘ilishda davlat idoralari ishiga zamonaviy texnologiyani keng joriy etish va xodimlar malakasini oshirish ham ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shu bilan birga zarurat qolmagan shtat birliklari va lavozimlarni tugatish islohotning asosiy qismi ekani qayd etildi. Hukumat shu orqali byudjet xarajatini qisqartirmoqchi. Bosh vazir mazkur jarayonni shaffof tashkil etish muhimligiga ham urg‘u berdi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, islohot doirasida “Utility Stores Corporation”, “Pakistan Public Works Department” va PASSCO faoliyati ham tugatildi. Bu qaror davlat byudjetiga sezilarli mablag‘ni tejash imkonini beradi. Endi yopilgan muassasalar, bekor qilingan lavozimlar yuzasidan mustaqil audit o‘tkaziladi. Shu tariqa amalga oshirilgan ishlar samaradorligi baholanadi.
Eng muhimi, davlat korxonalarini isloh qilish hali davom etishi ma’lum qilindi. Xususan, “Pakistan International Airlines” hamda “First Women Bank Limited” kompaniyalarini xususiylashtirish yakunlangan. Ayni payt yana bir necha yirik davlat korxonasini xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ish olib borilyapti. Hukumat bunday qadamlar mamlakat iqtisodiyotini yanada samarali boshqarishga xizmat qilishidan umidvor.
Musulmon Ziyo, O‘zA