Peshkuda chempionlar voyaga yetmoqda
Bugun O‘zbekistonda sport nafaqat sog‘lom turmush tarzining muhim omili, balki mamlakat nufuzini xalqaro maydonlarda yuksaltiruvchi strategik sohalardan biriga aylanmoqda. Prezidentimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor hududlarda ham o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Ayniqsa, olis hududlarda sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi natijalarga zamin yaratmoqda.
Joriy yilning 7-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatda ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim dasturilamal bo‘ldi. Mazkur yig‘ilishdan keyin Buxoro viloyatining eng olis hududlaridan biri sanalgan Peshku tumanida ham sport sohasidagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Peshku tumanida bugungi kunga qadar aholining 42 foizi sport bilan muntazam shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, olib borilgan tahlillar natijasida bu ko‘rsatkichni yanada oshirish imkoniyatlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Tumanda e’tibordan chetda qolib kelgan sport turlari qayta ko‘rib chiqildi.

Tuman hokimi Hayot Davlatovning ta’kidlashicha, maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat va shashka musobaqalarining tashkil etilishi kutilmagan natijalarni berdi.
–Ilk bosqichda har bir maktabdan ikki nafar o‘g‘il bola va ikki nafar qiz ishtirokini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Natijada 46 ta maktab va 36 ta mahalla bo‘yicha qariyb bir yarim ming nafar yosh shaxmat va shashka bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa sportning qamrovini kengaytirish uchun katta imkoniyat mavjudligini ko‘rsatdi, –deydi tuman rahbari.

Shuningdek, mahallalar bo‘yicha o‘tkazilgan kurash musobaqalari orqali hududlardagi iqtidorli polvonlar kashf etildi. Bu esa sport zaxiralarini shakllantirishda mahalla instituti naqadar muhim o‘rin tutishini yana bir bor isbotladi.
So‘nggi yillarda Peshku tumani nafaqat Buxoro viloyati, balki respublika miqyosida ham dzyudo markazlaridan biri sifatida tilga olina boshladi. Buning zamirida yillar davomida olib borilgan tizimli mehnat yotibdi.

Tajribali murabbiy Ulug‘bek Savriyev o‘n yillik faoliyati davomida ko‘plab O‘zbekiston va Osiyo chempionlarini tarbiyaladi.
–Prezidentimiz tomonidan berilgan ko‘rsatmalar biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Hozir yoshlar o‘rtasida seleksiya ishlarini kuchaytirganmiz. Sport zalida 60 nafardan ziyod yoshlar mashg‘ulot olib bormoqda. O‘tgan yili ikki nafar shogirdim Osiyo chempioni bo‘ldi. Endi ularni jahon chempionatiga tayyorlayapmiz. Qizlarimiz orasida respublika terma jamoasi a’zolari ham bor. Oldimizdagi asosiy maqsad – Olimpiya chempionlarini tarbiyalash, – deydi u.
Bu gaplarda katta ishonch va ulkan maqsad mujassam. Zero, bugun Peshkudagi dzyudo zallarida mashq qilayotgan yoshlar orasida ertangi Olimpiya chempionlari kamol topayotgan bo‘lishi mumkin.

Peshku sportining yana bir muhim jihati, qizlar sporti rivojiga qaratilayotgan e’tibordir. Bu yerda qizlar nafaqat respublika, balki qit’a miqyosida ham munosib natijalar qayd etmoqda.
13 karra O‘zbekiston chempioni, 3 karra Osiyo chempioni va xalqaro turnirlar g‘olibasi Aziza Davronova o‘z oldiga ulkan maqsad qo‘ygan.
–Mening asosiy orzum – 2028-yil Los-Anjeles Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritish. O‘zbekiston bayrog‘ini dunyo sahnasida baland ko‘tarish uchun har kuni tinimsiz mehnat qilyapman. Bu maqsadimga albatta yetishaman, –deydi yosh chempion qat’iyat bilan.
Prezident Olimpiadasining tuman va viloyat bosqichlari g‘olibasi Noziya To‘ymurodova ham o‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan.

Peshkuda amalga oshirilgan ishlar raqamlarda ham o‘z aksini topmoqda. Qisqa vaqt ichida ommaviy sport bilan qamrab olingan aholi ulushi 42 foizdan 47 foizga yetkazildi. Bu degani qo‘shimcha 6850 nafar aholi muntazam jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilindi.
Tumandagi 1-son sport maktabi bugun mazkur natijalarning muhim tayanch nuqtalaridan biri hisoblanadi.
Maktab direktori Narzullo Fayzullayevning ma’lum qilishicha, muassasada 62 nafar trener faoliyat yuritmoqda va qariyb 3000 nafar yosh sportchi muntazam mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
–Sportchilarimiz orasida O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionlari bor. Bugungi kunda 11 nafar sportchimiz milliy terma jamoa a’zosi, yana besh nafari zaxira tarkibiga kiritilgan. Prezident Olimpiadasida ham yuqori natijalarga erishdik, – deydi u.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ommaviy sport nafaqat chempionlarni tarbiyalaydi, balki jamiyat salomatligini mustahkamlaydi. Sport bilan shug‘ullanuvchi aholi sonining ortishi turli kasalliklarning kamayishiga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga va ularni zararli illatlardan asrashga xizmat qiladi.
Peshkuda bugun sport mahallalar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Birgina 2025-yilning o‘zida tumanda to‘rtta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari