Peshku tumaniga yangi hokim tayinlandi
Buxoro viloyati Peshku tumanida xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hudud faollari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Sessiyada viloyat hokimi Botir Zaripov nutq so‘zlab, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalarni jalb etish va hudud salohiyatidan samarali foydalanish borasida oldinda turgan ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.
Kun tartibida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlanganligi munosabati bilan Peshku tumani hokimi lavozimidan ozod etildi.
2020-yildan buyon viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Anvar Hamroyev Peshku tumani hokimi etib tasdiqdandi.
Sessiya yakunida Peshku tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash hamda hududni obodonlashtirish borasida istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri