Pekinda o‘tkazilgan biznes forum
O‘zbekiston – Xitoy: mustahkam do‘stlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik
Xitoy Xalq Respublikasida Jizzax viloyati delegatsiyasining qator uchrashuv va taqdimotlari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Pekin shahrida O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida o‘tkazilgan biznes forum ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Mazkur forumda 50 dan ortiq xitoylik investor ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, logistika va qurilish materiallari sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Jizzax viloyatining investitsion salohiyati, sanoat zonalari va ishlab chiqarish imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlar investorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan B2G formatdagi uchrashuvlar esa muloqotlarni yanada aniq manzilga yo‘naltirdi. Mazkur format — “Business to Government”, ya’ni biznes va davlat tuzilmalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmi bo‘lib, u orqali investorlar o‘z loyihalarini davlat organlari bilan bevosita muhokama qiladi, tashkiliy va huquqiy masalalarni tezkor hal etish imkoniga ega bo‘ladi.
Jizzax delegatsiyasining Xenan provinsiyasida joylashgan Chjenchjou shahridagi uchrashuvlari ham amaliy natijalarga boy bo‘ldi. 20 dan ortiq yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishilgani, xususan, “ZMJ Holding”, “Henan Sichuan Group”, “Henan Shangfa Valve Co., Ltd”, “Henan Sifangda Superhard Materials Co., Ltd”, “Zhengzhou Handu Pharmaceutical Group”, “SAIC Motor” kabi nufuzli kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilgani hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga zamin yaratdi.

Uchrashuvlar chog‘ida metallurgiya, aqlli hisoblagichlar ishlab chiqarish, konlarni qazib olish va qayta ishlash texnologiyalari kabi strategik yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shu bilan birga, Jizzax viloyatining investitsion muhiti va mavjud imkoniyatlari haqidagi taqdimotlar xorijiy sheriklarda ishonch uyg‘otdi.

Muzokaralar yakunida qator istiqbolli loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgani, eng muhimi, o‘zaro ishonch va manfaatlar uyg‘unligiga asoslangan yangi hamkorlik poydevori qo‘yilgani qayd etildi. Bu esa O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil ravishda mustahkamlanib borayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri