Pekinda AQSH - Xitoy muzokarasi davom etmoqda (+video)
AQSH va Xitoy yetakchilari 13–15-may kunlari Pekinda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv davomida munosabatlarni barqarorlashtirishga intilishmoqda. Kun tartibidan savdo, Erondagi urush va Tayvan masalalari o‘rin olgan, deb xabar berdi Euronews.
AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Szinpinga ikki davlatni birgalikda ajoyib kelajak kutayotganini bildirdi.
“Siz bilan birga bo‘lish men uchun katta sharaf. Sizni do‘stim deb bilish ham men uchun faxr. Xitoy va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar endi har qachongidan ham yaxshi bo‘ladi”, — dedi Tramp Pekindagi muzokaralar chog‘ida.
Si Szinpin esa o‘z navbatida ikki yirik davlat raqib emas, balki hamkor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Xitoy va AQSH o‘rtasidagi barqaror munosabatlar butun dunyo uchun foydalidir. Hamkorlik har ikki tomonga manfaat keltiradi, qarama-qarshilik esa zarar yetkazadi. Biz raqib emas, balki sherik bo‘lishimiz kerak”, — dedi Xitoy yetakchisi.
Tramp ikki kunlik sammit davomida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi nozik savdo munosabatlari, Erondagi urush hamda Tayvan masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Tramp Xitoy bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va samolyotlar xaridi bo‘yicha kelishuvlarga erishishni maqsad qilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘proq savdo masalalari haqida gaplashadi.
Shuningdek, Donald Tramp Xitoy rahbari bilan Eron mavzusida ham muzokara bo‘lishini ma’lum qildi. Chunki, AQSH sanksiyalariga qaramay, Eron neftining asosiy qismi Xitoyga sotilmoqda. Ko‘pchilik ekspertlar esa Tramp Pekindan Eron bilan kelishuvga undovchi chaqiriqlar kutayotganini bashorat qilishmoqda. Biroq, Tramp AQSHga “Eron masalasida Xitoy yordami shart emas”, deb hisoblashini ham aytdi.
Si Szinpin esa Vashingtonning Tayvanga qurol sotish masalasini ko‘tarishi kutilmoqda. O‘tgan yil dekabr oyida AQSH Tayvanga 10 milliard dollardan ortiq miqdorda qurol sotishini e’lon qilgan edi, ammo yetkazib berish ishlari hali boshlanmagan.
Pekindagi uchrashuv 13–15-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu — AQSH prezidentining 2017-yildan beri Xitoyga ilk tashrifi hisoblanadi. O‘shanda Tramp mamlakatga rafiqasi Melaniya Tramp bilan birga kelgan edi. Bu safar esa Melaniya unga hamrohlik qilmadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hL57rff6EvQ" title="Pekinda AQSH - Xitoy muzokarasi davom etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA