«Paxtakor» Elit Osiyo chempionlar ligasi asosiy bosqichiga chiqdi
Toshkentning «Paxtakor» klubi Elit Osiyo chempionlar ligasi yo‘lidagi muhim to‘siqdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
O‘tish o‘yinida Iordaniyaning «Al Hussayn» jamoasiga qarshi maydonga tushgan «Paxtakor» 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishib, qit’aning eng nufuzli klublar musobaqasi — Elit chempionlar ligasi asosiy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvda «Paxtakor» dastlabki daqiqalardanoq tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. 8-daqiqada Dostonbek Hamdamov hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. 30-daqiqada esa Hamdamov yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Uning bosh bilan urgan goli «Paxtakor»ning ustunligini mustahkamladi.
Ikkinchi bo‘limda ham tashabbusni qo‘ldan chiqarmagan «Paxtakor» 52-daqiqada farqni yanada oshirdi. Bashar Resan raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni 3:0 ga yetkazdi.
Shu tariqa, «Paxtakor» yirik hisobda ishonchli g‘alaba qozonib, Elit Osiyo chempionlar ligasining asosiy bosqichiga yo‘l oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA