Partiya tashabbusi bilan eshituv tashkil etildi
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Navbahor tuman Kengashi tashabbusi bilan eshituv tashkil etildi.
Unda xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2024 yilda tumanda amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yilda belgilab olingan rejalar yuzasidan tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘ining hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, 2024 yilda tumanda reja asosida 490 ta quyosh panellari o‘rnatilishi belgilangan. Ammo ulardan 123 tasi o‘rnatilgan. Jumladan, ijtimoiy soha ob’ektlarida 29 ta, tadbirkorlik sub’ektlarida 22 ta, aholi xonadonlarida esa 69 ta va ko‘p qavatli uylarda 3 tasi to‘liq ishga tushirilgan.
2023 yilning 1 aprelidan boshlab aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellaridan xonadon iste’molidan ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasining har bir kVti uchun belgilangan tartibda 1000 so‘mdan subsidiya ajratilib, hisob-kitoblar amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunda Navbahor tumanidagi 200 nafar iste’molchiga o‘z ite’molidan orttirib tarmoqqa uzatilgan 65,7 ming kVt uchun subsidiya ajratish choralari ko‘rilmoqda.
Tadbir so‘nggida deputatlarning fikrlari tinglanib, tegishli tartibda qaror qabul qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri