Parij va Berlin Pekinga qarshi “qalqon” taklif qildi
Fransiya va Germaniya Yevropa Ittifoqiga Xitoydan kelayotgan iqtisodiy bosimga tezkor javob berish imkonini beruvchi yangi savdo mexanizmi yaratishni taklif qildi. Parij va Berlin Bryusselga Yevropa bozorida raqobatni buzayotgan tashqi davlatlarning bozorga kirishini cheklash vakolati berilishini so‘ramoqda.
Prezident Emmanuel Makron va Kansler Fridrix Mers Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenga yo‘llagan maktubida subsidiya, valyuta manipulyatsiyasi kabi bozor muvozanati buzilishiga qarshi tarif yoki boshqa iqtisodiy choralarni tezda qo‘llash imkoni yaratilishi bo‘yicha taklif kiritgan. Bryussel ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil YeIning Xitoy bilan savdo taqchilligi kuniga qariyb 1 milliard yevroga yetgan.
Shuningdek, bu ikki qudratli davlat Xitoyga bog‘liqlikni kamaytirish, ta’minot zanjirini takomillashtirish va Pekinning ehtimoliy javob chorasiga tayyor turish zarurligini ta’kidlagan. Tashabbus kelasi hafta Yevropa Kengashi sammitida muhokama qilinadi, Fransiya va Germaniya esa farmatsevtika, avtomobilsozlik, mashinasozlik, aero fazoviy sanoat va kimyo kabi muhim tarmoqlarni tashqi iqtisodiy bosimdan himoya qilishni maqsad qilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA