Para yengil atletikachilarimiz Chexiya gran-prisida 41 ta medalga ega chiqdi
Chexiyaning Olomous shahrida para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida tashkil etilgan xalqaro gran-pri turniri terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli kechdi.
Dunyoning 45 ta mamlakatidan 200 nafarga yaqin matonatli sportchilar ishtirok etgan bellashuvlarda milliy terma jamoamizning 23 nafar a’zosi para yengil atletikaning turli dasturlarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.

Murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, irodali para sportchilarimiz 9 ta oltin, 22 ta kumush va 10 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, yangi O‘zbekiston yoshlarining g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoqini namoyish etdi.

Musobaqada mahoratli para yengil atletikachilarimizdan Nurxon Qurbonova ikki dasturda tengsiz ekanini isbotlagan bo‘lsa, Madina Muxtorova disk uloqtirish bellashuvlarida o‘zi o‘rnatgan Jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, Asila Mirzayorova, Shahina Yigitaliyeva, Yoqutxon Xolbekova kabi tajribali para atletlarimiz oltin medallarga sazovor bo‘lishi ortidan Yevropa sport maydonida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib, madhiyamiz baralla yangradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA