“O‘zsuvta’minot” AJdan xayrli tashabbus
“O‘zsuvta’minot” AJ vakillari tomonidan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi negizida tashkil etilgan “Mehrli maktab”da ta’lim olayotgan bolalar holidan xabar olib, ular ishtirokida “Suvni asrash – barchamizning insoniy burchimiz” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Ushbu ta’lim muassasasi O‘zbekistondagi ilk gospital maktab bo‘lib, bu yerda uzoq muddat davomida davolanayotgan hamda maktab yoki bog‘chaga borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bolalar ta’lim oladi.


Davra suhbati davomida o‘quvchilarga suvning inson hayotidagi o‘rni, suvni tozalash bosqichlari va suv bilan bog‘liq qiziqarli faktlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. “O‘zsuvta’minot” AJ laboratoriya xodimlari tomonidan bolajonlarga suvni zararsizlantirish, uning qattiqligini tekshirish jarayonlari ko‘rgazmali tarzda ko‘rsatib berildi. Shundan so‘ng, “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan tayyorlangan “Tomchivoyning sarguzashtlari” nomli animatsion multfilm hamda o‘zbek va rus tillarida chop ettirilgan “Tomchivoy” bolalar jurnalining taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir yakunida bolalarga zarur o‘quv anjomlari va jurnallar sovg‘a qilindi.
Nilufar Bozorova, O‘zA