“O‘zmilliybank” AJ: naqdsiz hisob-kitoblar tizimida yangi qulayliklar
Mamlakatimizda 2025-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-246-sonli Farmon iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mazkur hujjat iqtisodiyotda bank tizimining rolini kuchaytirish, moliyaviy operatsiyalarning tizimli hisobini yuritish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Ayni paytda ushbu Farmon ijrosini ta’minlash borasida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 1-aprelidan boshlab ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarining oldi-sotdi jarayonlarida Eskrou hisob varaqlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bu tizim xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi bitimning xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Sergeli Bank xizmatlari markazi boshqaruvchisi Bekzod Quranboyevning ta’kidlashicha, banklar va notarial idoralar o‘rtasida tashkil etilgan yagona elektron almashinuv bazasi jarayonlarni tezlashtirishga xizmat qilmoqda. E’tiborlisi, “O‘zmilliybank” tarkibidagi barcha bo‘linmalarda mijozlar uchun “yashil yo‘laklar” tashkil etilib, birgina Sergeli BXMning o‘zida qisqa vaqt ichida o‘nlab fuqarolarga mazkur yo‘nalishda sifatli xizmat ko‘rsatildi.

Tizimning qulayligini oddiy mijozlar ham e’tirof etmoqda. Masalan, fuqaro Shavkat Sharofiddinov elektron navbat kutmasdan, maxsus yo‘lak orqali Eskrou hisob varag‘ini ochtirganligi va mablag‘larini notarial idoraga yo‘naltirishda qiyinchilikka duch kelmaganini ta’kidlaydi. Bu esa aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

Shuningdek, aholi gavjum bo‘ladigan maskanlarda naqdsiz to‘lovlarni ommalashtirishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Joriy yilning 1-aprelidan Sergeli avtomobil bozorida bankning 2 ta maxsus kassasi ish boshlagani notarius idoralaridagi oldi-sotdi bitimlarini rasmiylashtirishda qo‘shimcha qulaylik yaratdi. Bundan tashqari, elektr avtomobillarni quvvatlantirish va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham naqdsiz hisob-kitoblar tizimi faollashtirildi. Fuqarolarning ovoragarchiligini oldini olish maqsadida bank xodimlari joylarda “Milliy” mobil ilovasini yuklab olish va tezkor plastik kartalar ochib berish xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiyotni raqamlashtirishga qaratilgan bu kabi islohotlar moliyaviy intizomni mustahkamlash va barcha uchun teng, shaffof muhit yaratishga xizmat qiladi. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan taqdim etilayotgan zamonaviy yechimlar esa aholining ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
M.Nasriyeva,
O‘zA