O‘zbekiston suveren obligatsiyalari 12,25 foiz stavkada jahon bozoriga chiqarildi
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, joriy yilning 1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi o‘zining eng yirik milliy valyutadagi suveren xalqaro obligatsiyalarini jahon moliya bozorlarida tarixiy eng past foiz stavkada (12,25%) muvaffaqiyatli joylashtirdi. Bu amaliyot umumiy 1 milliard AQSH dollariga teng ekvivalentda amalga oshirildi.
Milliy valyutada chiqarilgan 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha foiz stavkasi 2024-yilda 16,625 foiz (3 trln. so‘m) va 2025-yilda 15,5% (6 trln. so‘m) tashkil etgan.
1-aprel kuni AQSH, Yevropa, Buyuk Britaniya, Osiyo va Yaqin Sharqdan 32 ta yirik xalqaro investor ishtirokidagi global audiokonferensiyada “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar, islohotlar natijalari, makroiqtisodiy vaziyat va kelgusi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatga qaramay, O‘zbekistonda barqarorlik va izchil islohotlar tufayli suveren kredit reytingi yaxshilanib borayotgani ijobiy baholandi.
Xalqaro investorlar qiziqishini hisobga olgan holda, so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalar uchun shu kunda 50 ga yaqin xorijiy investordan 24,3 trillion so‘mlik buyurtma kelib tushdi. Bu 12,5 foiz darajasidagi kelishuvlarning natijasi.
Bu jarayonda 1 milliard dollar ekvivalentdagi 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalar 12,25 foiz stavkasida joylashtirildi. Bu ichki moliya bozoriga nisbatan o‘rtacha 14 bazis punkt pastdir.
O‘zbekistonning ushbu suveren xalqaro obligatsiyalari Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasida so‘nggi 15 yil ichidagi eng yirik milliy valyutadagi tranzaksiya sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, obligatsiyalar “GBI - EM” (The Government Bond – Emerging Market Index) indeksga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu yangi investorlarni jalb etish va kelgusida foiz stavkalarini yanada pasaytirish imkonini beradi.
Xalqaro obligatsiyalar joylashtirishdan tushgan mablag‘lar 2025-yil 25-dekabrdagi “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA