“O‘zmetkombinat” AJ va “Jiangsu SOHO Holdings Group” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Xitoyning "Jiangsu SOHO Holdings Group" direktorlar kengashi raisi Chjou Yun boshchiligidagi delegatsiya "O‘zmetkombinat" AJga tashrif buyurdi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari korxonaning Quyish-prokatlash kompleksi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud texnologik imkoniyatlar hamda korxonada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Muloqot chog‘ida xomashyo ta’minotini yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish, logistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar va hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, "Jiangsu SOHO Holdings Group" Xitoyda turli yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Guruhning xalqaro hamkorlik borasidagi tajribasi xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida "O‘zmetkombinat" AJ va "Jiangsu SOHO Holdings Group" o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Jamiyat axborot xizmati ma’lum qilishicha, mazkur kelishuv avgust oyida Xitoyda "O‘zmetkombinat" AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev boshchiligida o‘tkazilgan muzokaralarning amaliy davomi bo‘ldi. Ushbu kelishuv asosida avvalgi muzokaralarda belgilangan vazifalarni izchil davom ettirish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini kengaytirish maqsad qilingan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA