“O‘zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Suvda eriydigan o‘g‘it, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo bo‘yicha rejalashtirilgan katta loyihalar hisobiga nanokimyo, “yashil” kimyo, super-molekulyar kimyo, sun’iy intellekt asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlarga talab paydo bo‘ladi.
Shu maqsadda kimyo sohasida kadr tayyorlaydigan 35 ta oliygohning professor o‘qituvchi va kafedra mudirlari loyihalarga biriktirildi.
Yangi o‘quv yilidan ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib kadr tayyorlashni boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, kimyo sanoati bo‘yicha 17 milliard dollarlik 350 dan ziyod loyihani ishga tushirish bo‘yicha dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi.
Ushbu katta marralarni bajarish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish talab etiladi. Shu bois, “O‘zkimyosanoat”ni transformatsiya qilish zarurligi qayd etildi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida kimyo sanoati mas’ullari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar rahbarlari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zA