“O‘zkimyosanoat”da 1,2 milliard so‘mlik samarasiz xarajatning oldi olindi
Bu haqda “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida 2026-yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Prezident farmon va qarorlari, Hukumat topshiriqlari, ichki me’yoriy hujjatlar, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik reja hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish dasturi asosida tizimli ravishda amalga oshirildi.
Avvalo, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son farmoni ijrosi doirasida “O‘zkimyosanoat” AJning tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqildi. Natijada Boshqaruv raisining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2025-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Resublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni talablariga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasining nizomi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining namunaviy nizomi asosida xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari qayta ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Davlat xaridlari sohasida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrdagi “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni talablariga muvofiq “O‘zkimyosanoat” AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasida “davlat xaridi bo‘yicha bosh mutaxassis” lavozimi joriy etildi.
Shu bilan birga, Davlat xaridlari operatsiyalarini nazorat qilishni takomillashtirish maqsadida “O‘zkimyosanoat” AJning “Xaridlar to‘g‘risida”gi nizomi va “Kontragentlarni tekshirish to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomasi yangi tahrirda ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Hisobot davrida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari doirasida “Ammofos-Maksam” AJda 2024-2026-yillarda amalga oshirilgan qariyb 7 milliard so‘mlik davlat xaridlari o‘rganildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, natijada 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 4 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar natijasida yetkazilgan 156 million so‘m zarar kontragent hisobidan qoplanishi ta’minlandi hamda 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ning samarasiz sarflanishining oldi olindi.
Davlat xaridlarida korrupsiya xavflarini kamaytirish maqsadida hisobot davrida tuzilgan 598 ta xo‘jalik shartnomasining barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid maxsus shartlar kiritildi.
Brifingda qayd etilganidek, 2026-yilning birinchi yarim yilligida "O‘zkimyosanoat" AJda korrupsiyaning oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda komplayens madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha qator amaliy ishlar qilindi. Bu yo‘nalishda tizim samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA