1-iyuldan kasbiy sertifikatlash sinovlari uchun murojaatlar qabul qilish boshlanadi
Joriy yilning 1-iyulidan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida ishtirok etish bo‘yicha murojaatlar qabul qilinishi boshlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi tegishli qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar hamda tegishli malaka toifasiga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlash sinovlaridan o‘tishlari belgilangan.
2026-yil 1-iyuldan boshlab murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.
Hujjatlarni topshirish 2026-yil 31-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Shuningdek, joriy yilning mart–iyun oylarida o‘tkazilgan kasbiy sertifikatlash sinovlarida 56 balldan kam natija qayd etgan yoki turli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan stajyor-o‘qituvchilar ham ushbu davrda qaytadan hujjat topshirish imkoniyatiga ega.
Mutasaddilar pedagoglardan belgilangan muddatlarni o‘tkazib yubormaslikni hamda murojaatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirishni so‘ramoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA