O‘zbekistonnning kelajak liderlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali, O‘zbekiston yoshlar agentligi viloyat hududiy boshqarmasi, Navoiy davlat pedagogika instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi va Navoiy viloyati “Kelajak liderlari” klubi tomonidan “Yangi O‘zbekistonning zamonaviy liderlari” mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
Unda “Yangi O‘zbekiston yoshlari – uchinchi Renessans poydevori”, “Zamonaviy lider qiyofasi va boshqaruv strategiyasi” mavzularida so‘z yuritilib, mamlakatimizda yoshlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, davlat va jamiyat boshqaruviga yosh kadrlarni kengroq jalb etish, ularni kelgusida mas’ul rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borishga alohida e’tibor qaratilayotganligi alohida ta’kidlandi.

2021 yilning 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan Yoshlar forumida Prezidentimiz tomonidan iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari” ni shakllantirish tashabbusi ilgari surilgan edi. Ayni paytda Navoiy viloyatida ham boshqa hududlarda bo‘lgani kabi “Kelajak liderlari” klubi o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida klubning 10 nafar a’zosi turli lavozimlarga tayinlandi, 3 nafari “Hokim yordamchisi” lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirish maqsadida Navoiy davlat pedagogika institutida “Yosh liderlar klubi” tashkil etildi. Bugun iqtidorli, shijoatli, tashkilotchi va tashabbuskor yoshlar orasidan tanlovlar orqali saralab olingan 330 nafar yoshlar mahallalarda yoshlar yetakchilari sifati samarali mehnat qilmoqda.

Ilmiy konferensiya ijtimoiy-gumanitar va aniq fanlar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar sho‘’balarida o‘z ishini davom ettirdi. Unda yoshlar tomonidan taqdim etilgan 100 ga yaqin maqolalar muhokama etilib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Konferensiyada faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA