O‘zbekistonlik hamshiralar AQSH tibbiyot muassasalariga ishga jalb etilishi mumkin
AQSHning Sietl shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va inson kapitali hamda kadrlar boshqaruvi sohasidagi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri — “Korn Ferry” rahbariyati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik hamshiralarni AQSH tibbiyot tizimi talablariga mos ravishda tayyorlash, sertifikatlash, litsenziyalash hamda ularni Amerika shifoxonalariga qonuniy va tizimli asosda jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, xorijiy ish beruvchilar bilan markazlashgan hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislarni maqsadli tayyorlash va ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
“Korn Ferry” vakillari AQSH sog‘liqni saqlash tizimida hamshiralar va yordamchi klinik-texnik mutaxassislarga ehtiyoj yuqori ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, ingliz tilini yaxshi biladigan, klinik tayyorgarligi yetarli va litsenziyalash talablariga javob beradigan xorijlik mutaxassislarga talab ortib borayotgani qayd etildi.
Amerika kompaniyasi O‘zbekiston tashabbusiga amaliy qiziqish bildirib, uni AQSHdagi tibbiyot muassasalari va ish beruvchilar bilan muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Shuningdek, ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va malaka mezonlarini o‘rganish, ikki mamlakatdagi hamshiralar tayyorlash tizimlarini qiyosiy tahlil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida loyihani dastlab kichik pilot guruh bilan boshlash, keyinchalik natijalar va ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, o‘zbekistonlik hamshiralarni AQSHga jalb etish ko‘lamini bosqichma-bosqich kengaytirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida, 1969-yilda Los-Anjeles shahrida tashkil etilgan “Korn Ferry” bugungi kunda 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya rahbar va mutaxassislarni tanlash, xalqaro kadrlar yollash hamda inson kapitalini boshqarish sohasida ixtisoslashgan.
Nozimbek Mardonov, O‘zA