Vaqt sinovidan o‘tgan diplomatiya: O‘zbekiston tashqi siyosatining 35 yillik yo‘li
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz tashqi siyosati bir necha bosqichli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Dastlab milliy suverenitetni mustahkamlash, xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin egallash ustuvor vazifa edi. Keyinchalik xavfsizlik, geosiyosiy muvozanat, mintaqaviy hamkorlik va dunyoga ochiqlik tashqi siyosiy faoliyatning asosiy mazmuniga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yaqshi qo‘shnichilikni rivojlantirish, transport-logistika, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar Vatanimiz tarixida yangi sahifa ochdi.
- Xo‘sh, Istiqlolning 35 yillik davrida mamlakat tashqi siyosati qanday bosqichlarni bosib o‘tdi?
- Turli tarixiy sharoit va geosiyosiy o‘zgarishlar tashqi siyosiy ustuvorlikka qay darajada ta’sir ko‘rsatdi?
- Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati qaysi tamoyillarga tayanadi va bu jarayon xalqaro miqyosda qanday ahamiyatga ega?
O‘zA muxbiri Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayoni, shuningdek Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va erishilayotgan muhim siyosiy-diplomatik yutuqlarimiz xususida siyosiy fanlar doktori, professor Farxod Karimov fikrlarini yozib oldi.
– O‘zbekiston tashqi siyosati shakllanishi, rivojlanishi jarayonini shartli ravishda to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi – O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan bog‘liq ilk yillardan boshlab, asrimiz boshiga qadar bo‘lgan davr. Bu davr – milliy suverenitetni mustahkamlash, dunyo davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan respublikamiz suvereniteti va mustaqilligi tan olinishini ta’minlash davridir.
Ya’ni, 1991-2000-yillari mamlakatimiz o‘z chegaralarini xalqaro miqyosda rasmiylashtirdi, tan oldirdi, demarkatsiya ishlari amalga oshirildi, hududlar aniqlandi va dunyo siyosiy xaritasida O‘zbekistonning aniq chegaralari davlat sifatida belgilandi.
E’tiborlisi, aynan shu bosqichda Vatanimiz BMT va boshqa qator nufuzli xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. Qisqa muddat ichida yuzdan ortiq davlat bilan diplomatik munosabat o‘rnatildi. Qirqqa yaqin o‘lkada elchixona, diplomatik vakolatxonalarimiz ochildi. O‘zbekistonda ham qirqqa yaqin davlat diplomatik vakolatxonasi ochildi, yurtimiz dunyoga tanila boshlandi va mustaqil davlat sifatida e’tirof etildi.
Tabiiyki, davlat boshqaruvi faoliyatida turli modellardan tajriba o‘rganildi, andoza olindi. Natijada o‘n yillikning birinchi davrida diyorimiz tashqi siyosatining “O‘zbek modeli” shakllandi. Shu asosda iqtisodiy mustaqillikni ta’minlash, tashqi mafkuraviy ta’sirdan himoyalanish tamoyili ishlab chiqildi, tegishli konsepsiyalar mamlakatimiz tashqi siyosati modeli sifatida tarixdan joy oldi.
Ikkinchi davr – 2000-2010-yillarda Markaziy Osiyoda geosiyosiy taranglik va raqobat kuchaydi. Dunyo geosiyosiy kuchlari o‘rtasida va Markaziy Osiyoda xavfsizlikka tahdid, xususan terrorizm, ekstremizm xavfi kuchayishi kuzatildi. 1999-yil Toshkentda sodir etilgan qator terror harakatlari, Afg‘onistonda yana urush avj olishi bilan bog‘liq voqealar mamlakatimiz tashqi siyosatida ham tub burilishga sabab bo‘ldi, albatta. Fikrimcha, bu davr geosiyosiy pragmatizm va yurtimiz tashqi siyosatida xavfsizlikka urg‘u berilgan yillar sifatida tarixda qoldi.
Bu mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, yirik kuch markazlari – AQSH, Rossiya, Xitoy bilan munosabatni bir xilda ushlab, muvozanatni saqlash davri, deyish mumkin. Aynan Amerika Qo‘shma Shtatlarining 2001-yilgi voqealardan keyin Afg‘onistonda boshlagan harbiy harakati va amaliyotida O‘zbekiston – AQSH munosabati jiddiy sinovdan o‘tdi. Ya’ni, AQSH boshchiligidagi koalitsiyaga Xonoboddagi harbiy aerodrom berilishi tashqi siyosatimiz uchun o‘ziga xos sinov bo‘ldi. Rossiya va Xitoy bilan munosabatda yangi me’yorlar shakllandi. 2005-yildagi Andijon voqealari sabab G‘arbdan uzoqlashish, xususan AQSH bilan biroz sovuqlik yuzaga keldi. Ayni omillar tufayli respublikamiz tashqi siyosatida yangi prinsiplar qabul qilindi va shartli ravishda uchinchi bosqich boshlandi.
Uchinchi bosqich – 2010-2016-yillarda ehtiyotkorona tashqi siyosat shakllandi. Bu – konservativ davr, ya’ni aniq qoidalar belgilandi, o‘ziga xos “muzlik davri” yuzaga keldi. Ya’ni, biroz yopiq davr keldi, ehtiyotkorlik haddan tashqari kuchaydi. 2012-yil Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi qabul qilindi: O‘zbekiston turli xil harbiy-siyosiy bloklarga aralashmasligi, o‘z hududida hech qanday xorijiy harbiy bazalar joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi va xorijdagi tinchlikparvar operatsiyalarda ham ishtirok etmasligi qat’iy belgilandi.
2016-yildan keyingi yillar tashqi siyosatimizdagi mutlaqo yangi davr hisoblanadi. E’tiborlisi, Markaziy Osiyoda O‘zbekistonning yangi pozitsiyasi shakllangani, dunyoga ochiqlik, pragmatizm, faol mintaqaviy integratsiya tufayli xalqaro miqyosda e’tirof etilgan Vatanimiz tashqi siyosatining bu davri hozir ham davom ettirilyapti. “Yangi O‘zbekiston davri” sifatida talqin etilayotgan, juda ko‘p xalqaro tashkilotlar hamda davlatlar tomonidan tan olingan bu davrda tashqi siyosat uchun asosiy prinsip belgilandi – Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi sifatida e’lon qilindi.
Shu konsepsiya asosida qo‘shni davlatlar bilan chegara va suv masalalari hal qilindi. Ko‘plab siyosiy tahlilchilar, xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyoda aynan hududiy, chegaraviy va suv masalalari tufayli nizolar avj oladi, degan taxminlarni ilgari surgan edi. Binobarin, aynan yurtimizning pragmatik, ochiq siyosati va mintaqa davlatlari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishi ortidan bu masalalar tinch yo‘l bilan hal etildi.
Masalan, ayrim davlatlar bilan hatto chegaralar yopiq edi. Tojikiston va Qirg‘izistonga o‘tish masalasi doim muammo bo‘lib kelgan. Endi esa azaliy qardosh xalqlar hech qanday muammosiz u davlatdan bu davlatga bemalol o‘tib-qaytmoqda. Bojxona amaliyoti soddalashtirildi, viza tartibi yengillashtirildi. Mamlakatimiz aynan shu o‘zgarishlardan keyin xalqaro turizm va investitsiya uchun ochiq davlat sifatida e’lon qilindi. Bu holat yurtimizga xalqaro investorlarni keng jalb qilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar bilan muzlatib qo‘yilgan yoki sekinlashgan munosabat faollashdi. Jahon savdo tashkiloti va boshqa qator tuzilmalar bilan muloqot va integratsiya jarayoni boshlandi. Ko‘p qirrali siyosat doirasida bir vaqtning o‘zida Markaziy Osiyodagi geosiyosiy kuchlar muvozanatini ushlash ham dolzarb vazifa edi. O‘zbekiston 2016-yildan keyin mazkur vazifani zimmasiga oldi va bir vaqtning o‘zida G‘arb va Sharq, xususan Rossiya, Xitoy, Yevropa, Amerika Qo‘shma Shtatlari yoki mintaqaviy kuchlar – Turkiya, Eron, Pokiston, Hindiston bilan muvozanatli munosabat o‘rnata oldi. Ko‘plab davlatlar bilan munosabat oliy darajadagi strategik hamkorlik bosqichiga chiqarildi. Bu mustaqil O‘zbekistonning o‘ttiz besh yillik davridagi asosiy taraqqiyot bosqichi, deb atasak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2016-2025-yillar oralig‘ida o‘lkamizning qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ko‘p oshib, hozirgi kunda deyarli 8,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. Mintaqa davlatlari kapitali ishtirokida yurtimizda tashkil etilgan korxonalar soni oxirgi o‘n yillikda yetti barobar ko‘payib, ikki mingdan oshgan.
Integratsiyaning yangi formati sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu format byurokratiyasiz, har xil qoliplarsiz muloqot tizimi bo‘lib, juda ko‘p mintaqaviy muammolarni hal qilish uchun asosiy platformaga aylandi. Eslatib o‘tish joiz, aynan shu platforma doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaraviy muammolar hal etildi.
Umuman, bu davr integratsiyalashgan tashqi siyosatni boshlab bergan yillar sifatida tariximizda qoladi. Zero, aynan shu davrda dunyoning yetakchi kuch markazlari bilan o‘ndan ortiq muloqot formati, xususan “Markaziy Osiyo plyus” (C5+1) formatlari orqali munosabatlar rivojlandi. AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan uchrashuvlar yangi formatda, yangi muloqot tizimida yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida O‘zbekiston juda ko‘p tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, aynan shu davr ichida mamlakatimiz tashabbusi bilan o‘nga yaqin muhim rezolyutsiya BMT tomonidan qabul qilindi. Ya’ni, O‘zbekiston bu hujjatlarning tashabbuskor muallifi sifatida qayd etildi. Shu vaqtga qadar faqat Rossiya bilan ittifoqchilik munosabatiga ega edik. Aynan oxirgi o‘n yillikda davlatimiz rahbarining pragmatik tashqi siyosati va ochiqlik modeli taklif etilgandan keyin yana to‘rt davlat – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon bilan munosabat ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
Yana bir muhim jihat – chegaraviy va strategik loyihalar amalga oshirilishidir. Yillar davomida bizni qiynab kelgan jahon savdo bozoriga chiqish uchun transport-logistika masalasi ham aynan shu davrda hal qilina boshlandi. Bu boradagi eng yirik loyiha sifatida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qayd etish mumkin. Aynan shu temir yo‘l qurilishi boshlanishi ham oxirgi o‘n yillik davrda amalga oshirildi.
Energetika kooperatsiyasi doirasida Qirg‘izistondagi Qambarota-1 hamda Tojikistondagi Zarafshon GES qurilishida O‘zbekistonning ishtiroki ta’minlandi. Bunday muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanyapti. Zero, bir vaqtlar aynan shu GES va to‘g‘onlar tufayli Markaziy Osiyo davlatlari bir-biri bilan qarama-qarshi bo‘lib qolgan edi. Bugun esa bu loyihalar birga amalga oshirilyapti. Muammolarni hal qilishning Yangi O‘zbekiston modeli namoyon bo‘lmoqda.
Umuman, 35 yillik tariximiz uchun, ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda olamshumul yutuqlar qo‘lga kiritildi, yirik loyihalar amalga oshirildi. Boshqacha aytganda, tashqi siyosatimizda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan, O‘zbekiston taraqqiyoti uchun tamal toshi qo‘yilgan mazkur bosqich yorqin kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘lishiga shubha yo‘q.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA