O‘zbekistonga Koreyadan yangi qulupnay navlari keltiriladi
Poytaxtimizda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A.Shukurov va Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi hamda Koreya Mashinasozlik sanoati assotsiatsiyasi (KOAMI) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi hamkorlikning bugungi natijalari hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, “Aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalari innovatsion markazi” loyihasi doirasida joriy yilning iyun oyida Koreya Respublikasida tashkil etilgan malaka oshirish dasturlarining samaralari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, treninglar davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar aqlli issiqxonalarda qo‘llaniladigan raqamli texnologiyalar, IT yechimlari va Smart Farm tizimlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rgandi. Tomonlar ushbu o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish va amaliy yo‘nalishini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, uchrashuvda joriy yil yakunida nihoyasiga yetadigan mazkur loyihaning mantiqiy davomi sifatida ishlab chiqilgan Master-reja yuzasidan ham fikr almashildi. Mazkur hujjat aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini keng joriy etish va sohada innovatsion rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Kelishuvga ko‘ra, joriy yilning avgust–sentabr oylarida markazda koreyalik olimlar ishtirokida o‘quv-seminarlar tashkil etiladi. Unda aqlli issiqxonalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, laboratoriyalarda olingan tahliliy ma’lumotlarni qayta ishlash hamda amaliyotga tatbiq etish masalalari bo‘yicha mutaxassislar bilim va tajriba almashadi.
Uchrashuv davomida yana bir muhim yangilik ma’lum qilindi. Xususan, loyiha doirasida hududlarda tashkil etilgan aqlli issiqxona tajriba xo‘jaliklari uchun avgust oyida Koreyaning mashhur “Seolhyang” navli 30 ming dona qulupnay ko‘chatlari yetkazib beriladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA