Giyohvandlikka qarshi kurashishda yoshlar takliflari tinglandi
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida 26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan “Giyohvandlikka qarshi kurashda yoshlar tashabbusi: sog‘lom jamiyat – barqaror kelajak garovi” mavzusida respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat organlari, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda giyohvandlik va noqonuniy narkotik moddalar muomalasi nafaqat alohida shaxs, balki jamiyat taraqqiyoti, millat salomatligi va mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgan dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, sintetik narkotik vositalarning internet tarmoqlari orqali tarqalishi yoshlar uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, narkotik vositalar, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunchilik o‘zgarishlarining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Konferepnsiyada mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish, aholi salomatligi va millat genofondini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar muhokama qilindi. Xususan, 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan va narkotik vositalar, psixotrop moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritildi. Shuningdek, noqonuniy narkolaboratoriyalar tashkil etish, narkotiklar savdosini boshqarish, bangixonalar tashkil etish kabi qilmishlar uchun javobgarlik sezilarli darajada kuchaytirildi.
Konferensiya davomida Yoshlar parlamenti tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri amaliy natijaga aylandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, hududlarda tizimli targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, yoshlarning anti-narkotik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, huquqiy savodxonlikni oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Yoshlar parlamenti ushbu yo‘nalishda nafaqat muhokama maydoni, balki davlat organlari va yoshlar o‘rtasidagi samarali muloqotni ta’minlovchi, yoshlar manfaatlarini ilgari suruvchi hamda dolzarb ijtimoiy muammolar yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiquvchi platforma sifatida faol ishtirok etmoqda.
Konferensiya davomida ishlab chiqilayotgan “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasining asosiy yo‘nalishlari ham taqdim etildi. Unda jamiyatda, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar orasida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanayotgani qayd etildi.
Konferensiya avvalida ishtirokchilar Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tashkil etilgan giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi hamda yoshlarning ijodiy taqdimotlari bilan tanishdi.
Shundan so‘ng tadbir ikki parallel sessiyada davom etdi. “Sog‘lom jamiyat sari: ogohlik va profilaktika” sessiyasida tibbiyot, huquq, psixologiya va ta’lim sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, barvaqt profilaktika va diagnostika tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
“Giyohvandlikka qarshi kurashda yoshlar tashabbusi va amaliy yechimlar” sessiyasida esa yoshlarning raqamli loyihalari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport va ma’naviy-ma’rifiy faoliyat orqali tengdoshlar orasida anti-narkotik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Konferensiya yakunida giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, mahalla, ota-onalar hamda yoshlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini talab etadigan umumxalq vazifasi ekani alohida ta’kidlandi.
Mazkur konferensiya va imzolangan memorandum yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, giyohvandlikka qarshi barqaror ijtimoiy immunitetni shakllantirish hamda kelajak avlod salomatligini himoya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov(surat),O‘zA