O‘zbekistonda I Markaziy Osiyo talabalar sporti forumi o‘tkaziladi
2026-yil 29-sentabrdan 2-oktabrga qadar O‘zbekistonda I Markaziy Osiyo talabalar sporti forumi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leons Ederning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan tashkil etilmoqda. Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatimizning talabalar sportini rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribasini xalqaro sport hamjamiyatiga keng tanitish va ushbu tajribani boshqa davlatlarda ham qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish.
Forum doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda xalqaro universitet sporti tashkilotlari vakillari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkaziladi. Ularda talabalar sportini yanada rivojlantirish, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish hamda o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirda Xalqaro universitet sporti federatsiyasi rahbariyati bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston va Turkmaniston talabalar sporti federatsiyalari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Talabalar sportida mintaqaviy hamkorlik yangi bosqichga chiqadi
Bugun talabalar sporti nafaqat yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni kashf etish va xalqaro maydonga olib chiqishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida o‘tkaziladigan mazkur forum mintaqada talabalar sportini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lishi kutilmoqda.
Forum O‘zbekistonning talabalar sporti sohasidagi salohiyati va tajribasini xalqaro miqyosda namoyon etish barobarida, Markaziy Osiyo yoshlari o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA