Ikki bor shohsupaga ko‘tarildi
Raketka zarbasi, bir lahzalik qaror va har bir ochko uchun kechgan keskin kurash... Xalqaro maydonda g‘alaba qozonish oson emas. Buning uchun sportchidan mahorat bilan birga sabr, tezkorlik va ruhiy barqarorlik ham talab etiladi.
Sirdaryolik yosh badmintonchi So‘g‘diyona Abdukarimova ana shunday murakkab bellashuvlarda o‘z mahoratini namoyon etib, xalqaro musobaqadan ikki medal bilan qaytdi.
Guliston davlat pedagogika instituti Gumanitar fanlar va jismoniy madaniyat fakultetining 2-bosqich talabasi So‘g‘diyona Tojikistonning Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan badminton bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatida U23 yosh toifasida ishtirok etdi. Musobaqada Markaziy Osiyoning qator davlatlaridan tashqari Mongoliya va Eron sportchilari ham maydonga chiqdi.
Sirdaryolik sportchi uchun chempionat ikki karra omadli kechdi. U jamoaviy bahslarda 3-o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Juftlik bahslarida ham munosib ishtirok etgan So‘g‘diyona yana 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, bir chempionatning o‘zida ikki bor shohsupaga ko‘tarilgan yosh sportchi kolleksiyasini ikkita bronza medal bilan boyitdi.
Badmintonda raqibning har bir harakatini bir zumda anglash, zarba yo‘nalishini o‘zgartirish va oxirgi ochkogacha kurashish muhim. So‘g‘diyonaning qayd etgan natijasi esa bu sport turidagi mehnat va izchil tayyorgarlik samarasi ekanini ko‘rsatdi.

Ikki bronza medal — bu shunchaki statistik natija emas. Bu yosh sportchining xalqaro maydondagi tajribasi, o‘z kuchiga ishonchi va yangi marralar sari intilishi uchun muhim qadamdir. Eng muhimi, So‘g‘diyona uchun bu shohsupa yakuniy manzil emas, balki yanada yuksak natijalar sari boshlangan yangi bosqichdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri