O‘zbekistonda fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasi yaratilmoqda
Bugungi kunda hududlar, tabiiy resurslar, infratuzilma ob’ektlari, aholi va xo‘jalik faoliyatiga oid aniq, ishonchli, dolzarb hamda geofazoviy bog‘langan ma’lumotlar davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning deyarli barcha sohalarida muhim axborot resursi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Raqamli hukumat transformatsiyasining jadallashuvi, shahar va hududlarning urbanizatsiya darajasi ortishi, infratuzilma ob’ektlarining kengayishi, yer va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini maqbul joylashtirish, ekologik monitoring, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda hududlarni kompleks rejalashtirish kabi jarayonlar fazoviy ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojni tobora oshirmoqda.
— Jahonda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, masofadan zondlash, GNSS texnologiyalari, 3D-modellashtirish, sun’iy intellekt, raqamli egizaklar (Digital Twin) va boshqa innovatsion yechimlarning jadal rivojlanishi fazoviy ma’lumotlarni yaratish, yangilash, tahlil qilish va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, — deydi Kadastr agentligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Zokirov. — Shu nuqtai nazardan, fazoviy ma’lumotlar bugun oddiy xaritalash vositasigina emas, balki davlat boshqaruvi va xususiy sektorda strategik qarorlar qabul qilishni qo‘llab-quvvatlovchi muhim raqamli infratuzilmaga aylanmoqda.
Darhaqiqat, muayyan hududning infratuzilma salohiyati, yer resurslari, transport tarmoqlari, muhandislik kommunikatsiyalari, aholi joylashuvi va boshqa ko‘rsatkichlarni yagona fazoviy muhitda tahlil qilish investitsiya loyihalarini rejalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va hududlar salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Mamlakatimizda ham zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda fazoviy ma’lumotlar sohasini rivojlantirish, uni huquqiy jihatdan tartibga solish va sohada yagona yondashuvni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining «Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan davlat organlarining fazoviy ma’lumotlar sohasidagi vakolatlari, Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasi (FMMI), uni shakllantirish va yuritish tartibi, FMMI tarkibiga kiruvchi fazoviy ma’lumotlarning turlari hamda ularni taqdim etish shartlari belgilab berildi.
Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda fazoviy ma’lumotlarni shakllantirish, saqlash, yangilash, almashish va ulardan samarali foydalanishning yagona huquqiy asosini yaratishda muhim qadam bo‘ldi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fazoviy ma’lumotlar va geoaxborot tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qator salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, FMMIning asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblangan Davlat kadastrlari yagona tizimi (DKYAT) shakllantirildi. Milliy geografik axborot tizimini yaratish maqsadida ikki bosqichdan iborat yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Shuningdek, davlat kadastrlarini yurituvchi vazirlik va idoralar bilan tarmoq orqali ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Fazoviy ma’lumotlar sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tashkil qilinib, xalqaro standartlar o‘rganilmoqda va ular asosida milliy standartlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar turli vazirlik va idoralarda shakllanayotgan ma’lumotlarni yagona tizim asosida birlashtirish, ularning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek, foydalanuvchilar uchun ma’lumotlarning ochiqligi va qulayligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda FMMIni shakllantirish va uning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Jahon banki bilan hamkorlikda «Hududlarni barqaror rivojlantirish uchun fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida zamonaviy texnik va dasturiy ta’minotlarni joriy etish, FMMI ma’lumotlar markazini tashkil qilish, GNSS CORS tarmog‘ini kengaytirish, lazerli skanerlash texnologiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, FMMI geoportali hamda geoportallar tarmog‘ini yaratish, manzillar reyestri tizimini modernizatsiya qilish, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish va kadrlar salohiyatini yuksaltirish kabi muhim vazifalar belgilangan.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi fazoviy ma’lumotlarni zamonaviy texnologiyalar asosida shakllantirish va ulardan davlat boshqaruvi hamda iqtisodiyot tarmoqlarida keng foydalanish uchun zarur infratuzilmani yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Fazoviy ma’lumotlarning yagona milliy infratuzilmasini shakllantirish mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Xususan, yer munosabatlari va kadastr, qurilish va shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, ekologik monitoring, kommunal infratuzilma, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga javob qaytarish, shuningdek, investitsiya loyihalarini rejalashtirishda geofazoviy ma’lumotlardan foydalanish qaror qabul qilish jarayonining tezkorligi va samaradorligini oshiradi.
Masalan, shaharsozlikda hududning mavjud holatini raqamli ko‘rinishda baholash, yangi ob’ektlarni joylashtirishda infratuzilma imkoniyatlarini hisobga olish, transport oqimlarini tahlil qilish va muhandislik kommunikatsiyalarini rejalashtirishda aniq fazoviy ma’lumotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Qishloq xo‘jaligida esa yerlarning holati va unumdorligini monitoring qilish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda ekin maydonlarini nazorat qilishda zamonaviy geoaxborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda.
Kelgusida fazoviy ma’lumotlarni sun’iy intellekt, raqamli egizaklar, masofadan zondlash va boshqa ilg‘or texnologiyalar bilan integratsiya qilish hududlarni boshqarish va rivojlantirishning yangi yondashuvlarini shakllantirishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA