O‘zbekistonda davlat qarzini boshqarish qanday amalga oshirilmoqda?
Bugungi kunda davlat qarzini samarali boshqarish mamlakat moliyaviy barqarorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biriga aylanmoqda. Bu jarayon faqat qarz mablag‘larini jalb qilish bilan cheklanmay, balki ularning qiymati va muddatini maqbullashtirish, valyuta va qayta moliyalashtirish xatarlarini kamaytirish, qarz portfelini diversifikatsiya qilish hamda investorlar ishonchini mustahkamlashni ham nazarda tutadi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda tizimli yondashuv shakllantirildi. Xalqaro va ichki qarz bozorlaridan foydalanishning yangi mexanizmlari joriy etildi, milliy valyutadagi davlat qimmatli qog‘ozlari bozori kengaytirildi, davlat qarzi bo‘yicha ochiqlik va hisobdorlik kuchaytirildi. Bu jarayonlarning muhim natijalaridan biri mamlakatning suveren kredit reytingi izchil yaxshilanib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda.
Suveren reyting – investor ishonchining muhim ko‘rsatkichi
O‘zbekistonning suveren kredit reytingi birinchi marta 2018-yil dekabr oyida xalqaro reyting agentliklari - S&P va Fitch tomonidan “BB-“, barqaror kutilma bilan baholangan edi. Keyingi yillarda mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilgan islohotlar va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida reyting bir necha bor yaxshilandi.
–Jumladan, S&P agentligi 2025-yil 23-mayda O‘zbekiston reytingini “BB-, ijobiy kutilma”ga, 21-noyabrda esa “BB, barqaror kutilma”ga o‘zgartirdi. Fitch 2025-yil 26-iyunda reytingni “BB, barqaror kutilma”ga, 2026-yil 3-iyunda esa “BB, ijobiy kutilma”ga ko‘tardi. Moody’s esa 2025-yil 13-iyunda “Ba3, ijobiy kutilma”ni bergan bo‘lsa, 2026-yil 25-iyunda mamlakat reytingini bir pog‘ona yuqoriga, “Ba2, barqaror” kutilma darajasiga oshirdi.
Shu tarzda, so‘nggi bir yilda O‘zbekistonning suveren kredit reytingi olti marta yaxshilandi. Buning amaliy samarasi ham bor, ya’ni yangi qarz mablag‘larini jalb qilish qiymati O‘zbekiston uchun o‘rtacha 1,5 foizga, mamlakat banklari va korxonalari uchun esa 1,9 foizga pasaydi.
Demak, reytingning o‘sishi faqat xalqaro bahoning o‘zgarishi emas. U investorlarning mamlakat iqtisodiyoti, moliyaviy siyosati va qarz majburiyatlarini bajarish qobiliyatiga bo‘lgan ishonchini ifodalaydi, – dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilnoza Lutfullayeva.
Xalqaro obligatsiyalar - moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish vositasi
Davlat qarzini boshqarishdagi muhim yo‘nalishlardan biri moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishdir. O‘zbekiston 2019-yilda birinchi marta xalqaro suveren obligatsiyalarini chiqarib, 1 milliard dollar mablag‘ jalb qildi.
2019-2026-yillarda esa jami 7-marta, 15 ta transhda umumiy qiymati 7,6 milliard dollar ekvivalentidagi suveren obligatsiyalar joylashtirildi. Ular AQSH dollari, yevro va o‘zbek so‘mida, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda “yashil” obligatsiyalar shaklida chiqarildi.
Bunday instrumentlarning ahamiyati shundaki, ular nafaqat davlat byudjeti uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbasini yaratadi, balki O‘zbekistonning xalqaro kapital bozoridagi mavqeini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, suveren obligatsiyalar mamlakat banklari va kompaniyalari uchun ham o‘ziga xos benchmark vazifasini bajaradi. 2019-2026-yillarda mahalliy bank va kompaniyalar tomonidan chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar hajmi 8,3 milliard dollarga yetdi.
2026-yil 1-aprelda ham 1 milliard dollar ekvivalentida, ya’ni 12,2 trillion so‘mlik, uch yillik suveren xalqaro obligatsiyalar joylashtirildi. Ushbu tranzaksiya mamlakatning xalqaro investorlar bazasini kengaytirish va milliy valyutadagi qarz instrumentlariga qiziqishni oshirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislar qayd etganidek, xalqaro kapital bozoriga chiqish tashqi qarz shartlarini bozor tamoyillari asosida shakllantirish imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Bu, o‘z navbatida, davlat qarzini boshqarishda mablag‘ jalb qilish qiymati bilan bog‘liq xatarlar o‘rtasidagi maqbul muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ichki bozorni rivojlantirish - valyuta xatarlarini kamaytirish omili
Davlat qarzini boshqarishning yana bir muhim yo‘nalishi milliy valyutadagi qarz instrumentlari ulushini oshirishdir. Bu, avvalo, tashqi valyuta kurslarining o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish imkonini beradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Moliya bozorlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Humoyun Zulfiqorovning ta’kidlashicha, shu maqsadda O‘zbekistonda davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozori izchil rivojlantirilmoqda.
–2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, muomaladagi davlat g‘aznachilik obligatsiyalari hajmi 49,9 trillion so‘mni tashkil etdi. 2018-yilda bu ko‘rsatkich atigi 597 milliard so‘m edi.
Milliy valyutadagi suveren xalqaro obligatsiyalarning London fond birjasida joylashtirilishi ham ichki moliya bozorining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularning umumiy hajmi 29,9 trillion so‘mni tashkil etdi.
Bozordagi ijobiy o‘zgarishlar obligatsiyalar daromadliligida ham ko‘rinmoqda. Bir yillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalarining o‘rtacha tortilgan daromadliligi 2024-yildagi 16,3 foizdan 2026-yil birinchi yarmida 12 foizga tushdi. Uch yillik obligatsiyalar bo‘yicha esa ushbu ko‘rsatkich 17,3 foizdan 12,6 foizga pasaydi.
Bu holat ichki qarz bozorida investorlar uchun yanada barqaror va tushunarli sharoit shakllanayotganini ko‘rsatadi, –dedi H.Zulfiqorov.
Qarz muddatini uzaytirish - qayta moliyalashtirish xatarini pasaytirish
Davlat qarzini boshqarishda qarz mablag‘larini qancha miqdorda jalb qilish bilan bir qatorda, ularni qaysi muddatga olish ham muhim ahamiyatga ega. Qisqa muddatli qarzlarning yuqori ulushi davlatning yaqin yillarda katta hajmdagi to‘lovlarni amalga oshirishini talab qiladi.
Shu bois so‘nggi yillarda o‘rta va uzoq muddatli davlat obligatsiyalarini chiqarishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. 2020-2025-yillarda o‘rta muddatli g‘aznachilik obligatsiyalarining umumiy emissiyadagi ulushi 10 foizdan 67 foizga yetkazildi.
Natijada davlat g‘aznachilik obligatsiyalarining o‘rtacha muddati 2023-yildagi 0,8 yildan 2025-yilda 2,4 yilga uzaydi. 2025-yilda muomaladagi uch yil va undan ortiq muddatli obligatsiyalarning ichki ikkilamchi bozordagi ulushi 63 foizni tashkil etdi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham O‘zbekistonning ichki davlat qarzi muddatlari uzayib borayotganini qayd etgan. Tashkilotning 2026-yilgi qarz barqarorligi tahliliga ko‘ra, 2025-yil yakuniga kelib ichki davlat qarzining 90,5 foizi bir yil va undan ortiq muddatli instrumentlardan iborat bo‘lgan.
Bu o‘zgarishlar davlat qarzini qayta moliyalashtirish bosimini kamaytirish va qarz portfelini yanada barqaror shakllantirishga xizmat qiladi.
Investorlar doirasi kengaymoqda
Ichki davlat qimmatli qog‘ozlari bozorining barqaror rivojlanishi uchun faqat obligatsiyalar hajmini oshirishning o‘zi yetarli emas. Bunda investorlar doirasini kengaytirish, ikkilamchi bozor likvidligini oshirish va bozor ishtirokchilari uchun axborot ochiqligini ta’minlash ham muhim.
Shu maqsadda birlamchi dilerlar instituti joriy etildi. Uning asosiy vazifasi davlat qimmatli qog‘ozlariga barqaror talabni shakllantirish, ikkilamchi bozor faolligini oshirish va bozor likvidligini ta’minlashdan iborat.
Xorijiy investorlarning ichki davlat qarzi bozoridagi ishtiroki ham ortib bormoqda. 2026-yil birinchi yarmida xorijiy investorlarning davlat g‘aznachilik obligatsiyalaridagi mablag‘i 4,7 trillion so‘mga yetdi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 1,9 trillion so‘mni tashkil etgan edi.
Norezidentlar uchun milliy moliya bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida “Raiffeisen Bank International” tomonidan kastodianlik xizmati yo‘lga qo‘yilgani ham muhim qadam bo‘ldi.
Shu bilan birga, davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha auksionlar, hisob-kitob muddatlari, foiz to‘lovlari va bozor operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni muntazam e’lon qilish orqali bozor shaffofligi oshirilmoqda.
Qarz barqarorligi huquqiy kafolatlar bilan mustahkamlanmoqda
Davlat qarzini samarali boshqarishning eng muhim jihatlaridan biri qarz miqdori ustidan aniq cheklovlar va nazorat mexanizmlarining mavjudligidir.
O‘zbekistonda 2020-yildan boshlab davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunlarda yangi tashqi davlat qarzini jalb qilish bo‘yicha yillik limitlar belgilanib kelinmoqda. 2021-yildan bu amaliyot ichki qarzga nisbatan ham tatbiq etildi.
– 2023-yil 29-aprelda qabul qilingan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori chegarasi 60 foiz etib belgilandi. Agar qarz 50 foizga yetsa, uni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishi ham qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Bu normalar davlat qarzini boshqarishda bozor mexanizmlari bilan bir qatorda aniq huquqiy qoidalarga tayanish imkonini beradi.
Ayni paytda davlat qarziga oid ma’lumotlarni xalqaro metodologiyalar asosida shakllantirish va muntazam e’lon qilish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan davlat qarzini boshqarish strategiyasi tasdiqlanib, jamoatchilikka taqdim etildi. Unda qarz portfelini diversifikatsiya qilish, investorlar bazasini kengaytirish, milliy valyutadagi bozorni rivojlantirish, valyuta xatarlarini samarali boshqarish va qarz muddatlarini uzaytirish kabi muhim vazifalar belgilangan, – dedi D.Lutfullayeva.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2026-yilgi bahosida ham O‘zbekistonning tashqi va umumiy davlat qarzi bo‘yicha xavf darajasi “past” deb baholangan. Tashkilot davlat qarzi barqarorligini ta’minlashda uzoq muddatli va imtiyozli shartlardagi qarzlarning yuqori ulushi hamda ichki qarz muddatlarining uzaytirilayotganini ijobiy omillar sifatida qayd etgan.
Barqaror qarz siyosati – uzoq muddatli maqsad
O‘zbekistonda davlat qarzini boshqarish tizimi endi faqat tashqi mablag‘ jalb qilish hajmi bilan emas, balki qarzning qiymati, muddati, valyutasi, investorlar tarkibi va ehtimoliy xatarlarni birgalikda hisobga olish tamoyili asosida shakllanmoqda.
Xalqaro kapital bozoridagi faollik, milliy valyutadagi davlat qimmatli qog‘ozlari bozorining kengayishi, qarz muddatlarining uzaytirilishi va xorijiy investorlar ishtirokining ortishi ushbu yondashuvning amaliy natijalaridir.
Eng muhimi, davlat qarzini boshqarishda moliyaviy barqarorlik va qarz xatarlarini nazorat qilish bilan bir qatorda, bozor mexanizmlarini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda. 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan strategiyada ham qarz portfelining o‘rtacha muddatini uzaytirish, milliy valyutadagi qarz bozorini chuqurlashtirish va investorlar bazasini kengaytirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda davlat qarzini boshqarishga yondashuv bugun faqat qancha mablag‘ jalb qilish bilan emas, balki uni qanday shartlarda va qanday xatarlar bilan jalb etish bilan belgilanmoqda. Asosiy maqsad esa iqtisodiyot uchun zarur mablag‘ni maqbul qiymatda jalb qilish, qarz bilan bog‘liq xatarlarni oldindan baholash va davlat qarzi yukini uzoq muddatda barqaror darajada saqlashdir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA