15-oktabrdan O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish boshlanadi
2027-yil yakuniga qadar aholi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ma’lumotlarni yagona statistik registrlar asosida yuritish tizimi joriy etiladi.
Aholi sonini aniq hisoblash, statistik ma’lumotlarni muntazam yangilab borish va ulardan samarali foydalanish maqsadida mamlakatda yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu Prezidentimizning 2026-yil 10-sentabrdagi “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2027-yil yakuniga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda Milliy statistika qo‘mitasida aholining statistik registri shakllantiriladi.
Yangi tizim aholi sonini hisoblash va bu boradagi statistik ma’lumotlarni muntazam yangilab, e’lon qilib borish imkonini beradi. Bu esa aholiga oid ma’lumotlarni yanada aniq va ishonchli shakllantirishga xizmat qiladi.
Farmonda belgilangan vazifalarga ko‘ra, davlat organlarining aholiga oid mavjud ma’lumotlar bazalari o‘zaro muvofiqlashtiriladi. Ulardan zarur ma’lumotlar aholining statistik registriga integratsiya qilinib, ma’lumotlarni doimiy ravishda yangilab borish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa turli davlat idoralarida mavjud aholiga oid ma’lumotlarni o‘zaro muvofiqlashtirish orqali statistik hisob-kitoblarning aniqligi va dolzarbligi oshiriladi.
Yangi registrni joriy etishda axborot xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, aholining statistik registri “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi tomonidan kiberxavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Tegishli xulosa olinganidan so‘nggina tizim amaliyotga joriy etiladi. Keyinchalik axborot tizimining xavfsizligi doimiy monitoring qilib boriladi.
Muhimi, statistik registrdagi individual ma’lumotlardan foydalanishga qat’iy cheklov o‘rnatiladi. Registrdan faqat alohida ruxsat berilgan xodimlar tomonidan statistik maqsadlarda jamlanma ma’lumotlarni shakllantirish uchun foydalaniladi.
Bunda registrda saqlanadigan individual ma’lumotlardan davlat organlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Farmon doirasida qishloq xo‘jaligining statistik registrini shakllantirish ham nazarda tutilgan. Undagi ma’lumotlarni muntazam yangilab borish ta’minlanadi.
Umuman, mazkur chora-tadbirlar mamlakatda statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Aholi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ma’lumotlarni yagona statistik registrlar asosida yuritish davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy rejalashtirish va tahlil jarayonlarida yanada aniq ma’lumotlardan foydalanish imkonini kengaytiradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA