O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining mintaqadagi ishonchli strategik sherigi sifatida e’tirof etildi
“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi doirasida Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari Juzi Princhi hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida J.Princhi O‘zbekistonga mazkur forumni yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu platforma Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi parlamentlari o‘rtasidagi muloqotning birinchi institutsional shakli sifatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Zamonaviy geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etilib, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining mintaqadagi ishonchli strategik sherigi sifatida e’tirof etildi.

Yevropa Ittifoqining siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy va ta’lim sohalarida ham hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligi bildirildi.
Yevropa parlamenti deputatlari Tomash Zdexovskiy va Terri Mariani “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti hamda O‘zbekiston Prezidentining Bryussel shahriga amalga oshirgan tashrifi natijalarini yuqori baholab, ularning strategik ahamiyatini alohida qayd etdi.
Ta’lim, madaniyat va yoshlar almashinuvi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlari fuqarolari uchun vizalar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotgani ham ta’kidlandi.
Forum formatining ochiq va inklyuziv xususiyatini saqlab qolish, hamkorlar doirasini kengaytirish hamda ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilash orqali amaliy natijalarga erishish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo forumlarni Bryussel shahrida va Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida muntazam o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA