O‘zbekiston va Tojikiston: siyosiy irodaning iqtisodiy mezoni
Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosat strategiyasida hal qiluvchi o‘rin egallaydi. Bu holat tarixiy, geosiyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar omillar hamda xavfsizlik masalasi bilan uzviy bog‘liq. Toshkent uchun mintaqa shunchaki tashqi siyosat yo‘nalishi emas, balki mamlakat ichki taraqqiyoti barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy geosiyosiy makondir.
Siyosiy fanlar doktori Umid Mahmudov O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari mavzusiga to‘xtalarkan, ikki qardosh yurt rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi. Darhaqiqat, bugungi kunda aloqalarimiz savdo, investitsiya, transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Global o‘zgarishlar jadallashib, mintaqaviy muhit tobora murakkablashib borayotgan sharoitda davlatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabati alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bunday hamkorlik nafaqat mavjud tahdidlarni bartaraf etish, balki butun mintaqa barqarorligini ta’minlashda muhim omilga aylangan. Hozirgi bosqichda, ayniqsa, iqtisodiy aloqalar yangi mazmun kasb etgan. An’anaviy savdo munosabati o‘rnini bosqichma-bosqich sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy sheriklik egallamoqda. Bu iqtisodiy integratsiya chuqurlashayotganidan dalolat. Ma’lumotga ko‘ra, 2017-2025-yillarda tovar ayirboshlash hajmi 3,8 barobar o‘sib, 238 million dollardan 912 million dollarga yetdi. Sanoat, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalar izchil amalga oshirilayotgani mazkur ijobiy sur’atni dalillaydi.
Shunga qaramay, hali iqtisodiy hamkorlik salohiyati to‘liq namoyon bo‘lgani yo‘q. Tahlillarga ko‘ra, Tojikiston boshqa o‘lkalardan olayotgan ayrim mahsulotlarni O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsuloti bilan almashtirish orqali o‘zaro savdoni yana 30-40 foiz oshirish imkoni mavjud. Shu bois tomonlar savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bu yo‘lda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Baribir, iqtisodiy hamkorlik tarkibi sifat jihatidan o‘zgarayotgani diqqatga sazovor. Avvalgi alyuminiy, energiya resurslari, paxta, ko‘mir kabi xom ashyoga asoslangan savdo o‘rnini yuqori qiymatga ega kimyo sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mashina va uskunalar hamda oziq-ovqat egallamoqda.
Mintaqaviy ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish ham alohida ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldiradi. Ya’ni, hamkorlikni chuqurlashtirish qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish va mintaqada raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.
So‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,5 barobar o‘sib, 520 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo ikki karra ortib, 253 milliard dollarga ko‘tarildi. Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi ham ikki barobar ko‘payib, qariyb 11 milliard dollarga yetdi, o‘zaro investitsiya 5,6 marta oshdi.
O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan savdo aylanmasi ko‘rsatkichi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilga kelib 7,2 milliard dollarga chiqdi. Qo‘shma korxonalar soni 1800 dan oshdi. Respublikamizda Tojikiston kapitali ishtirokidagi korxonalar o‘n yil avval atigi 23 ta edi, bugungi kunda 340 taga yetgan.
Qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika ishlab chiqarish sohalarida qo‘shma loyihalar izchil ko‘paymoqda. Ayniqsa, Tojikistonning xom ashyo bazasi va O‘zbekistonning texnologik imkoniyati uyg‘unligida to‘qimachilik sanoatida samarali kooperatsiya modeli shakllangan.
Global ta’minot zanjiridagi uzilish va logistika tizimidagi beqarorlik sharoitida bunday hamkorlikning ahamiyati yanada ortmoqda. Mintaqada ishlab chiqarish aloqalari mustahkamlanishi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning muhim omiliga aylandi. Yagona ishlab chiqarish va texnologik makon shakllanishi tashqi iqtisodiy zarbalarga nisbatan ta’sirchanlikni kamaytiradi, importga qaramlikni qisqartiradi hamda ichki bozorlarda narx barqarorligini ta’minlaydi. Bunday integratsiya istiqbolli tarmoqlarga sarmoya jalb etish uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo sanoati o‘rtacha yillik 6 foiz o‘sishni namoyon etmoqda. Jahon o‘rtacha sur’atidan ikki barobar yuqori ayni ko‘rsatkich yangi ishlab chiqarish kooperatsiya turlari shakllanayotgani bilan izohlanadi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi ko‘lami kengayishi boshqa davlatlar bozoriga yo‘l ochmoqda. Ayniqsa, Afg‘oniston va Janubiy Osiyo mamlakatlari yuqori demografik o‘sish sur’ati va iqtisodiy rivojlanish tendensiyasi bilan ajralib turadi. Demak, mazkur hududlarda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab tizimli ravishda o‘sib boradi. Natijada O‘zbekiston va Tojikiston umumiy sanoat kooperatsiyasi nafaqat ichki iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki eksport salohiyatini kengaytirish orqali yangi tashqi bozorlarni o‘zlashtiradigan muhim mexanizmga aylanadi.
“Yashil” taraqqiyot yo‘nalishidagi hamkorlik strategik ustuvor vazifalardan biridir. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish iqtisodiy integratsiyaning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Ayni jarayonda sanoat korxonalarimizning Tojikistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etish bo‘yicha texnologik hamkor va yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etayotgani o‘zaro manfaatli hamkorlikning yorqin namunasidir.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasida ham ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. Mintaqa davlatlarining ayrim mahsulotlar importiga bog‘liqligini hisobga olsak, bu yo‘nalishda sezilarli sinergetik samaraga erishish imkoni mavjudligi ayonlashadi.
Shu nuqtai nazardan chegara oldi hududlarda ishlab chiqarish va logistika zanjirini mustahkamlash orqali agrosanoat klasterlari tashkil etish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Chegara oldi savdo zonalari va xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faollashuvi kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Masalan, Turkmaniston bilan “Shovot – Toshovuz” savdo hududi hamda Qozog‘iston bilan tashkil etilgan xalqaro sanoat kooperatsiya markazi iqtisodiy integratsiya sur’atini jadallashtirdi.
Mutaxassislar fikricha, tog‘-organik dehqonchilik, quruq meva va sabzavotni qayta ishlash, sut-go‘sht va chorvachilik klasterini rivojlantirish logistika xarajatini kamaytirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini sezilarli darajada rivojlantiradi.
Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma dasturlar amalga oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, paxtachilikdan yuqori daromadli ekinlar – yong‘oq, bodom, rezavor meva, dorivor o‘simliklar hamda usti yopiq yerda yetishtiriladigan sabzavotga bosqichma-bosqich o‘tish, shuningdek uzumchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi.
Eksport salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun transport-logistika tizimini diversifikatsiya qilish zarur. Xususan, “Fotihobod – Oybek” chegara-o‘tkazish manzili negizida amalga oshirilayotgan loyihalar kabi yangi quruqlik portlari, mitti modal markazlar tashkil etish sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirmoqda.
Umuman, O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligi an’anaviy savdo modeli doirasidan chiqib, sanoat kooperatsiyasi, investitsiyaviy sheriklik va texnologik integratsiyaga asoslangan yangi bosqichga o‘tmoqda. Bunday transformatsiya mintaqaviy iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytiradi, qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantiradi, importga qaramlikni kamaytirib, tashqi iqtisodiy xatarlarga nisbatan chidamni oshiradi.
Energetika, agrosanoat va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik esa iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylanib, nafaqat ikki davlat taraqqiyoti, balki mintaqaviy va global iqtisodiy maydonda raqobatbardoshlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA