O‘zbekiston va Serbiya: Oliy darajadagi muloqot va diplomatik aloqalarning yangi bosqichi
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi diplomatik munosabat 1995-yil 5-yanvarda o‘rnatilgan bo‘lib, so‘nggi 30 yil davomida doimiy do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyili asosida rivojlanmoqda.
Ayniqsa 2025-2026-yillar davomida siyosiy muloqot mutlaqo yangi sur’at oldi. Xususan, 28-29-oktabr kunlari Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning Toshkentga amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi doirasidagi oliy darajali sammit o‘zaro munosabat tarixida yangi sahifa ochdi. Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qo‘shma bayonot hamda qator hukumatlar aro bitimlar imzolandi.
Diplomatik munosabatni institutsional va huquqiy jihatdan mustahkamlash jarayonida 7-may kuni Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim rasman kuchga kirdi. Shuningdek, har tomonlama muloqotni muntazam muvofiqlashtirib borish uchun Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv mexanizmi va doimiy faoliyat olib boruvchi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlar aro qo‘shma komissiya tuzildi.
Jarayonning mantiqiy va samarali davomi sifatida Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurich yurtimizga tashrif buyurib, kun tartibidagi eng muhim masalalar muhokama qilindi. Umuman, tarixiy voqea sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga javob rasmiy tashrifi ikki tomonlama siyosiy iroda va davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni nafaqat mintaqaviy, balki dunyo miqyosida ham manfaatli sheriklik darajasiga olib chiqishi shubhasiz.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA