O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tog‘-kon va geologiya sohasida hamkorlik kengaytiriladi
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohani rivojlantirishning muhim shartlaridan biridir. Shu bois xalqaro tajribani o‘rganish, ilmiy-tadqiqot muassasalari va nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov hamda Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universiteti (NUST) rektori, doktor Muhammad Zohid Latif boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Muloqotda ikki mamlakatning geologiya va tog‘-kon sanoati sohalaridagi salohiyatini birlashtirish, shuningdek, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan NUST o‘rtasida sohaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, uning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Hamkorlikning ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi istiqbollari ham uchrashuvning asosiy mavzularidan bo‘ldi. Geologiya fanlari universiteti (GFU) va NUST o‘rtasida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, akademik tajriba almashish va o‘zaro manfaatli ta’lim dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, NUSTning GFUdagi ixtisoslashtirilgan kafedrasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, uning salohiyati va imkoniyatlarini yanada kengaytirish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida geologiya va tog‘-kon sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliy tajribani uyg‘unlashtirish, shu asosda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish va mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA