O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining muloqoti Buxoroda davom etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 23-24-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 24-avgust kuni rafiqasi bilan birga Buxoro shahriga keldi.
Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kutib oldi.

Tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, milliy qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida Buxoroning jahonga mashhur tarixiy obidalari – Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari, Ko‘kaldosh madrasasini ziyorat qildilar.

Oliy martabali mehmonlarga ushbu noyob obidalarning tarixi, me’moriy xususiyatlari hamda Sharqda ilm-fan, madaniyat va shaharsozlik rivojidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif Ismoil Somoniy tomonidan barpo etilgan Somoniylar maqbarasidan boshlandi. Ushbu obida 1993-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Shundan so‘ng yetakchilar ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va ma’muriy markazi bo‘lib kelgan qadimiy Ark qal’asiga tashrif buyurdilar. Arxeologik va tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a uzoq davr mobaynida shakllanib kelgan va yaqin o‘tmishdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi vazifasini bajargan. Bugungi kunda Ark shaharning eng mashhur obidalaridan biri va Buxoro tarixiy markazining muhim qismi hisoblanadi.
Poyi Kalon majmuasi – Markaziy Osiyoning eng salobatli me’moriy majmualaridan biri. 1127-yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng e’tiborli inshooti bo‘lib, asrlar davomida nafaqat Buxoro me’morchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda Shayboniylar davridagi tarixiy Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.
Oliy martabali mehmonlarda Labi Hovuz majmuasi ham katta taassurot qoldirdi. U qadimiy hovuz atrofida qurilgan va eski Buxorodagi eng mashhur jamoat maskanlaridan biri hisoblanadi.

Bu yerda Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi joylashgan. Shaharning ushbu go‘shasi asrlar davomida aholi, sayyohlar va ilm ahlini o‘ziga jalb qiluvchi maskan bo‘lib kelgan hamda o‘rta asrlardagi Buxoroning betakror muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.
Tashrif davomida xalq hunarmandchiligi namunalari hamda tarixiy obidalarga tushirilgan badiiy bezaklarning xususiyatlari ham namoyish etildi.
Ozarbayjonlik mehmonlarga Buxoroning Buyuk Ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, ta’lim va savdo markazlaridan biri sifatidagi ko‘p asrlik tarixi haqida so‘zlab berildi.

Shu bilan Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ozarbayjonlik hamkasbi bilan tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma va salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi, qator qo‘shma loyihalarga start berildi. Yetakchilar ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Tashrif doirasida Ozarbayjon Prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi. Davlat rahbarlari Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochish va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlarini boshlash marosimlarida ishtirok etdilar.
Oliy martabali mehmonlarga Buxoro viloyatining raqamlashtirish, yengil va elektrotexnika sanoati kabi sohalardagi salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Tadbirlar tugagach, Buxoro xalqaro aeroportida Prezident Ilhom Aliyev va rafiqasini Prezident Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kuzatib qo‘ydi.


Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri