Hikmat Hojiyev: O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda
O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari strategik sheriklikdan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilib, endi abadiy do‘stlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu jarayon ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va adabiy yaqinlik munosabatlarida ham yangi mazmun kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.
Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Administratsiyasi Tashqi siyosat masalalari bo‘limi mudiri Hikmat Hojiyev OAVga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yilda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqotlardan so‘ng munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan. Keyingi davrda strategik sheriklik ittifoqchilik munosabatlariga aylangan bo‘lsa, endi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar abadiy do‘stlik xususiyatini kasb etadi.
– Bu Ozarbayjon diplomatik amaliyotida birinchi marta qo‘llanilayotgan qadamdir va biz bunday qadamni ikki marta O‘zbekiston bilan tashlamoqdamiz, – dedi Hikmat Hojiyev.
Rasmiy ta’kidlaganidek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik siyosiy kelishuvlardan ancha oldin shakllangan. Bu yaqinlikni Alisher Navoiy va boshqa o‘zbek adiblarining asarlarida ham ko‘rish mumkin. Shu bois, bugungi siyosiy munosabatlar tarixiy, adabiy va madaniy yaqinlikning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
H.Hojiyev O‘zbekistonga tashrif ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar uchun alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning fikricha, ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari natijasida bugun ittifoqchilik munosabatlariga aylangan va endi siyosiy maydonda abadiy do‘stlik darajasi bilan boyimoqda.
– O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari ittifoqchilikdan ham yangi bosqichga – abadiy do‘stlik munosabatlari darajasiga ko‘tarilmoqda. Shuning uchun ushbu tashrifni qardoshlik, ittifoqchilik va abadiy do‘stlik munosabatlarida yangi bosqich sifatida baholaymiz, — dedi mulozim.
U shuningdek, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuksak darajadagi ishonch va muloqot munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA