O‘zbekiston va “Oracle” sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasining Vashington shahridagi Bosh konsuli Ahror Burhonov “Oracle Corporation” kompaniyasining Generativ sun’iy intellekt xizmatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Jun Chian (Jun Qian) bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda generativ sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, inson kapitali hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar “Oracle” va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni iqtisodiyot, ta’lim va davlat boshqaruviga keng joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlari, investitsiya muhitini yaxshilash hamda IT sohasi va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, mamlakat aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etishi, ularning zamonaviy kasblarni egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” tashabbusi, IT mutaxassislar tayyorlash va startap ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar alohida qayd etildi.
Jun Chian O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholab, mamlakatning yosh va bilimli kadrlar salohiyati, izchil o‘zgarishlar, davlat rahbariyatining siyosiy irodasi hamda strategik geografik joylashuvi xalqaro texnologik kompaniyalar uchun katta imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi.
Muzokaralarda generativ sun’iy intellektdan amaliy foydalanish, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bulutli va hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, robototexnika sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va “Oracle” o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlarni yangi mazmun bilan boyitish hamda manfaatdor tashkilotlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirishga kelishib oldi. Jun Chian O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan texnologik o‘zgarishlarni joyida o‘rganishga qiziqish bildirib, mamlakatga tashrif buyurish taklifini qabul qildi.
Ma’lumot uchun, 1977-yilda AQSHda tashkil etilgan “Oracle Corporation” ma’lumotlar bazalari, bulutli hisoblash, sun’iy intellekt va korporativ dasturiy yechimlar sohasidagi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning “Oracle Cloud Infrastructure” platformasi 200 dan ortiq bulutli xizmatlarni taklif etadi. “Oracle” ma’lumotlariga ko‘ra, “Fortune 100” ro‘yxatiga kiruvchi kompaniyalarning 97 foizi uning ma’lumotlar bazasi yechimlaridan foydalanadi. 2026 moliya yili yakunlariga ko‘ra, kompaniya daromadi 17 foizga o‘sib, 67,4 milliard dollarni, bulutli xizmatlardan tushgan daromad esa 34 milliard dollarni tashkil etgan.
Nozimbek Mardonov, O‘zA