Tibbiyot yutuqlari: shifokorlarimiz tomonidan yana bir yuqori texnologik murakkab amaliyot o‘zlashtirildi
Milliy tibbiyot markazida bosh miya anevrizmini stentlash mustaqil bajarilmoqda.
Gar shundaki, Markazda yana bir muhim yutuqqa erishilib, ilk bor bosh miya qon tomiri anevrizmini stentlash amaliyoti mahalliy mutaxassislar – malakali rentgen-endovaskulyar jarrohlar tomonidan mustaqil ravishda muvaffaqiyatli bajarila boshlandi.
Ilgari yurtimizda bu kabi o‘ta murakkab va yuqori aniqlikni talab qiluvchi yuqori texnologik amaliyotlar asosan xorijiy mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib mahalliy shifokorlarimizning yuqori salohiyati va mahorati tufayli bunday muolajalarning mustaqil ravishda o‘zlashtirilgani sohadagi ulkan o‘zgarishlarning yaqqol namunasidir.
Jumladan, yaqinda Surxondaryo viloyatilik 55 yoshli bemor Markazga murojaat qilgan edi. Uzoq vaqt davomida kuzatilgan bosh aylanishi va ko‘rish qobiliyatining xiralashishi kabi bezovtaliklardan aziyat chekkan fuqaro chuqur tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilgach, mutaxassislar tomonidan unga jiddiy xastalik – bosh miya anevrizmasi tashxisi qo‘yildi.
Tibbiyot ilmida anevrizma deb qon tomiri devorining zaiflashishi va noziklashishi natijasida uning bir qismi bo‘rtib chiqishiga aytiladi. Ayniqsa, bosh miya qon tomirlarida yuzaga keladigan bunday patologik holatlar bemor hayoti va sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli bo‘lib, vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, jiddiy va og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sababli shifokorlar tomonidan zamonaviy va kam invaziv usul hisoblangan stentlashni qo‘llashga qaror qilindi. Mazkur muolaja qon tomiri ichiga maxsus moslama – stent o‘rnatish orqali bajariladi. Jarayon qon tomiri orqali kiritiladigan ingichka kateter yordamida amalga oshirilib, odatdagidek bosh suyagini ochish talab etilmaydi.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, bu, o‘z navbatida, to‘qimalarga kamroq shikast yetkazish, operatsiyadan keyingi tiklanish davrini sezilarli darajada qisqartirish hamda bemorning sog‘lom hayotga tezroq qaytishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy tibbiyot markazi shifokorlarining bunday yuqori marralarni zabt etishi mamlakatimizda tibbiyot sohasi jadal ravishda rivojlanib, xalqimiz salomatligini mustahkamlash yo‘lida eng ilg‘or texnologiyalar muvaffaqiyatli tatbiq etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA