O‘zbekiston va Ko‘rfaz davlatlari hamkorligi yangi bosqichda
O‘zbekistonning Ko‘rfaz davlatlari bilan munosabatida yangi strategik ufqlar ochilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Kengash Bosh kotibi bilan uchrashuvi hamkorlikning ulkan salohiyatini namoyon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Josim Muhammad Al-Budaiviy bilan uchrashdi. Muloqot davomida mamlakatimizning mazkur Kengash bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qat’iy intilishi tasdiqlandi. Tomonlar turli yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgan aloqalarning ijobiy sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Muzokarada bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek iqtisodiy, investitsiyaviy hamda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy tashabbuslar ilgari surish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirish, yangi investitsiya loyihalari amalga oshirish va transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida har ikki tomon hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, amaliy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni izchil amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA