London YeI orqali Ukrainaga yordamni kuchaytiradi (+video)
London Ukrainaga yordam ko‘rsatish maqsadida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilmoqchi. Britaniya hukumati bu haqda 4-may kuni Yerevanda bo‘lib o‘tadigan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida e’lon qiladi, deb xabar berdi DWnashri.
Yevropa Ittifoqining Ukraina uchun mo‘ljallayotgan 90 milliard yevrolik kredit dasturiga Buyuk Britaniya ham qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Britaniya bosh vaziri Kir Starmer idorasiga tayanib Reuters agentligi ham xabar qildi. Britaniya hukumati Yerevanda o‘tadigan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida bu masala bo‘yicha to‘liq ma’lum qiladi.
YeIning 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan kredit dasturi aprel oyida Vengriya vetosi bekor qilingach tasdiqlangan edi. Dasturda Britaniyaning ishtirok etishi Ukrainaga moliyaviy yordamni kengaytirish bilan birga muhim harbiy jihozlar yetkazib berilishini ta’minlaydi, dedi Bosh vazir Kir Starmer.
Shuningdek, bu hamkorlik Britaniya mudofaa sanoati uchun yangi imkoniyatlarni yaratib, harbiy mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha ham shartnomalarga kirish imkonini ochadi, deb bashorat qilinmoqda.
Britaniya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, London va Bryussel o‘rtasidagi hamkorlikdan barchaga birdek foyda bo‘ladi.
“Notinch davrda odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun mudofaa masalalarida yanada tez va qat’iy harakat qilishimiz kerak”, — deb ta’kidladi Kir Starmer.
2022-yilda Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri Britaniya Rossiyaga qarshikeng qamrovli cheklov choralarini joriy etib keladi. Shu hafta oxiriga qadar London Rossiya kompaniyalariga qarshi yana bir qator yangi sanksiyalar paketini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu orqali Rossiyaning harbiy mahsulotlarga bo‘lgan ta’minot zanjirini izdan chiqarish maqsad qilingan, deyiladi Starmer idorasi bayonotida.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pMOuSbdmGpA" title="London YEI orqali Ukrainaga yordamni kuchaytiradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA