O‘zbekiston–Turkiya biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda
Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes forum o‘z ishini boshladi.
Ushbu tadbir ikki qardosh davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Muhokamalar markazida investitsiyalar, sanoat, qurilish, infratuzilma va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari turibdi.

Tadbirda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik alohida qayd etildi. So‘nggi yillarda shakllangan ijobiy tajriba asosida zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini joriy etish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, energiya samarador va innovatsion qurilish texnologiyalarini tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Forum doirasida “Yangi Toshkent” yirik shaharsozlik loyihasi ham ishtirokchilar e’tibor markazida bo‘ldi. Ushbu loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xorijiy investorlar, jumladan turkiyalik ishbilarmonlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus yangi investitsiya imkoniyatlarini ochib berish bilan birga, zamonaviy shahar infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Forum doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Saidnosir Usmonov ham so‘zga chiqdi. U o‘z chiqishida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning strategik ahamiyatiga to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar, ayniqsa qurilish va kommunal xo‘jaligi sohasida izchil rivojlanib bormoqda.
Forumda zamonaviy uy-joy qurilishi va shaharsozlikni rivojlantirish, muhandislik infratuzilmasini yangilash, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, zilzilabardosh qurilish sohasida Turkiya tajribasini o‘rganish, malakali kadrlar tayyorlash va mutaxassislar almashinuvi kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Forumda qayd etilishicha, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasidagi qo‘shma tashabbuslar ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, turk kompaniyalari uchun O‘zbekiston bozorida yangi investitsiya imkoniyatlari yaratilmoqda.
O‘zbekiston–Turkiya biznes forumi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, amaliy loyihalarni kengaytirish va uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA