O‘zbekiston va Pokiston: savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruk bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida urg‘u berilib, bu jarayonda parlamentlarning o‘rni muhim ekani qayd etildi.

Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi parlamentlararo muloqotni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Madaniy-gumanitar aloqalar, ta’lim, turizm va ilm-fan yo‘nalishidagi sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki davlat xalqlari manfaatlari yo‘lida belgilangan rejalar faol amalga oshirilishiga ishonch bildirildi.
N.Abduraimova, O‘zA